Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-fevral kuni Xorazm viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Viloyatda chet ellik investorlar bilan hamkorlikda mashinasozlik, shaharsozlik, kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, tibbiyot, oziq-ovqat kabi muhim tarmoqlarda umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarlik o‘nlab loyihalar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda shundan umumiy qiymati 660 mln dollardan ziyod 18 ta loyiha haqida axborot berilgan.

Xususan, yuk elektromobillari, akkumulyatorlar uchun nikel sulfat, arxitektura oynalari, shisha idishlar, qurilish materiallari, lak-bo‘yoqlar va mato ishlab chiqarish, mehmonxona, shifoxona, ko‘ngilochar maskanlar va yo‘llar qurish, ekoturizmni va baliqchilikni rivojlantirish kabi loyihalar ishlab chiqilgan.

Davlat rahbari ularning tashabbuskorlari bo‘lgan chet ellik investorlar va mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlashgan. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi haqida fikr almashilib, ularni jadallashtirish, tadbirkorlarga qo‘shimcha sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan.

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifining birinchi kuni yakunida Energetika vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ va yirik xorijiy investitsiya kompaniyasi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Prezident matbuot xizmati kompaniya nomini keltirmagan.

Davlat rahbari Xorazmda qiymati 10 milliard dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi qurilishini ma’lum qilgan. “Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 2,4 million tonna yuqori qo‘shilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi”, — dedi prezident.