28-fevral kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Nurafshon shahri hududida Zulfiya Zokirova nomidagi memorial majmua qurilishi haqida farmoyish imzoladi. Bu haqdagi tegishli hujjat E-qaror portaliga joylashtirildi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun viloyat mahalliy budjetining 2024-yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil noyabr oyida Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova yodgorlik majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish, shuningdek, kutubxona qurish uchun 34,4 mlrd so‘m (shundan 28 mlrd so‘mi yodgorlik uchun) mablag‘ yo‘naltirilgandi.

Ammo o‘sha oyda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoyir Mirzayev viloyatning oldingi hokimi Davron Hidoyatov tomonidan qabul qilingan qarorni bekor qilgan va ushbu mablag‘lar muhtojlarga yordam berish va boshqa maqsadlarga sarflanishi ma’lum qilingan.

Oradan bir necha kun o‘tib, Nurafshonda yodgorlik majmuasi va kutubxona qurilishi bekor qilinmagani, aksincha, kreditor qarzdorlikni yopish maqsadida kechiktirilgani haqida xabar berilgan. Shundan buyon mazkur masalaga qaytilmagan.

Bu haykal o‘zi nega kerak? Viloyat hokimligi izohi

“Gazeta.uz” Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulov bilan bog‘lanib, mazkur yodgorlikni o‘rnatishga qanday ehtiyoj borligini so‘radi.

“Bu loyiha qayta-qayta ko‘rib chiqildi… Qurmasa ham bo‘lar edi-ku, deyilsa, Nurafshon — yangi shahar. U yerda yangi ma’muriy binolar, uy-joylar, Nurafshon davlat universiteti va boshqalar qurilyapti, markaz paydo bo‘lyapti. Shu paytda xotin-qizlarga ehtirom ma’nosida mana shu haykalni qo‘yish ham bir madaniyat. Bu ayolga aslida bu narsa (haykal — tahr.) ham kam. Faqat haykal qo‘yish bilan chegaralanib qolinmaydi. O‘sha yerda yaxshi bir xiyobon bo‘ladi. Yosh oilalar kelib, gul qo‘yib ketadigan… Bog‘ bo‘ladi asosiysi u yerda”, — dedi u.

Matbuot kotibi bu kabi haykallarni qurish butun dunyo tajribasida borligini aytib o‘tdi.

Zulfiya Zokirova kim?

Zulfiya Zokirova — Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod qishlog‘ida yashagan ayol. “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra “EZGUFilm” kinokompaniyasi Zulfiya Zokirovaning fojiali voqeasi haqida hikoya qiluvchi real voqealar asosida “Ilhaq” badiiy filmini suratga olgan.

Shuningdek, Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida uning ilk haykali o‘rnatilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

“Bu O‘zbekistondagi barcha onalarga qo‘yilgan haykal. Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlug‘ ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida bo‘lgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi”, — degandi 2020-yilda uning haykali poyiga gul qo‘ygan Shavkat Mirziyoyev.