Internetda o‘qituvchi boshlang‘ich sinflarga dars vaqtida avvaliga o‘quvchi bolani urgani, so‘ng o‘quvchi qizga baqirib, qattiq kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Qiz partasida o‘tirgan bo‘lsa ham, o‘qituvchi uni urishdan to‘xtamagan.

Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa Xonqa tumanidagi 36-sonli maktabda sodir bo‘lgan. Boshqarma o‘rganish ishlari olib borayotganini ma’lum qildi. Vazirlikning “Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, birinchi sinf o‘quvchisining kaltaklanishi 23-fevral kuni sodir bo‘lgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgani, vaziyat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani haqida xabar berdi. Jabrlanuvchilarning jarohatlarini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza ham tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida Navoiy shahridagi 18-maktabning rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi dars vaqtida ikki nafar o‘quvchini kaltaklagan edi.