Ukraina rasmiylari, agar ittifoqchilar o‘q-dorilar yetkazib berishni ko‘paytirmasa, yozgacha Rossiya hujumi jiddiy sur’atga ega bo‘lishidan xavotirda, deb yozmoqda Bloomberg.

Rossiya qo‘shinlari frontda ustunlikni qo‘lga kiritar ekan, bir necha haftadan beri Ukraina va uning ittifoqchilarida pessimizm kuchayib bormoqda. Avdeyevka va unga yaqin joylashgan bir qancha qishloqlarning qulashi Kiyev mudofaasi bardosh bermasligi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda, dedi agentlikka yevropalik rasmiy.

“Ukraina bu yil yutqazishni boshlashi mumkin”, — dedi Karnegi jamg‘armasining Rossiya va Ukraina bo‘yicha mutaxassisi Maykl Kofman.

Bloomberg manbasining aytishicha, Ukraina razvedkasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik shaharlarni, jumladan, Kiyev va Odessani qo‘lga kiritishdek azaliy maqsadidan qaytmaganini taxmin qilmoqda.

“Agar Rossiya qo‘shinlari Odessaga yetib borsa, ular Ukrainaning Qora dengiz orqali o‘tadigan muhim don eksporti yo‘llarini to‘sib qo‘yishi, shuningdek, Moldovaga yo‘l ochishi mumkin, bu yerda ajralib chiqqan Pridnestrove hududi chorshanba kuni siyosiy yordam so‘rab Moskvaga murojaat qilgan”, — deyiladi xabarda.

29-fevral kuni Federal majlisga qilgan murojaati chog‘ida Putin 2022-yil fevralida bosqin boshlanishida qo‘yilgan maqsadlarga hali ham erishishni rejalashtirayotganini yana bir bor ta’kidladi, yozdi Bloomberg.

Ukraina rahbariyatiga yaqin odamning so‘zlariga ko‘ra, joriy kampaniyaning natijalariga qarab, Rossiya sekin va maqsadli hujumni davom ettirish yoki bu yozda Ukraina chegaralarini kesib o‘tish uchun qattiqroq zarba berish uchun resurslarni to‘plash haqida qaror qabul qiladi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘q-dorilar taqchilligi jang maydonidagi vaziyatga ta’sir qilayotganini aytib, Rossiya bahor yoki yoz boshida yangi hujumni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgan edi.

O‘q-dorilar taqchilligining asosiy sabablaridan biri AQSh Ukrainaga 60 milliard dollarlik yordam paketi yetkazib berishni kechiktirayotgani hisoblanadi. Fevral oyi o‘rtalarida AQSh Senati Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagandi, biroq Respublikachilar partiyasi nazoratidagi Vakillar palatasi spikeri uni ovozga qo‘yishdan bosh tortgan.

“Ukraina strategiyasi F-16 qiruvchilarini qabul qilib, G‘arb o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirgunga qadar yilning ikkinchi yarmigacha front chizig‘ini iloji boricha uzoqroq ushlab turishga harakat qilishdan iborat. Bu Kiyevga 2025-yilda yana bir ehtimoliy qarshi hujumni rejalashtirish imkonini beradi”, — deb yozadi Bloomberg.