Isroil va Falastinning XAMAS guruhi o‘rtasidagi urush natijasida G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 30 mingdan oshdi, 70 mingdan ortiq kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda AP G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib.

Xuddi shu ma’lumotni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus ham tasdiqladi. Uning qayd etishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati ayollar va bolalar hisoblanadi.

“Bu dahshatli zo‘ravonlik va azob-uqubatlarga barham berish kerak”, — deb yozdi Gebreyesus X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

AP`ning aniqlik kiritishicha, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z hisob-kitoblarida tinch aholi va jangchilarni tasniflamaydi. Isroil 10 ming XAMAS jangarisini o‘ldirganini da’vo qilmoqda, ammo bunga hech qanday dalil keltirmadi.

Ko‘pchilik ekspertlarning ta’kidlashicha, janglarning davom etayotgani, aloqadagi uzilishlar va tibbiy tizimning qulashi fonida vafot etayotganlar sonini aniqlash qiyinligi inobatga olinsa, G‘azodagi rasmiy qurbonlar soni unchalik katta emas, deb yozadi The New York Times.

Gazetaning ta’kidlashicha, AQSh, Misr va Qatar Isroil hamda XAMAS o‘rtasida vositachi bo‘lib, o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv ustida ishlarni davom ettirmoqda, ammo uni har ikki tomon ham qabul qilishi istiqbollari “noaniq” bo‘lib qolmoqda.

Bir necha haftadan beri sulh bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda va, ayniqsa, Isroil armiyasi Rafahda quruqlikdagi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda faollashdi. Shahar Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng G‘azo shimolidan qochgan 1,5 millionga yaqin odamga boshpana bergandi — bu anklav umumiy aholisining yarmidan ko‘p.