29-fevral kuni soat 06:45 atrofida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida King Long yo‘lovchi avtobusi va Tracker avtomashinasi o‘rtasida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, “2-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 63-sonli avtobus haydovchisi A.J. tumanning “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasi chorrahasidan qayrilib olish vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Tracker bilan to‘qnashgan.

Avtomobil yuqori (197 km/soat) tezlikda kelayotgan bo‘lgan. Ushbu YTH vaqtida avtobus salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Tracker haydovchisi tan jarohatlari olgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga olib ketilgan. Kompaniya matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, haydovchi vafot etgan.

Toshkent shahri IIBB matbuot kotibi Nilufar Madiyevaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.