Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshqa huquq tartibot organlari bilan birga viloyatlarda tezkor tadbir o‘tkazib, benzin yoqilg‘isi bilan noqonuniy savdo qilayotgan shaxslarni aniqladi.

Xususan, Toshkent shahrida 13 nafar fuqaro Ai-80, Ai-95, Ai-92 markali benzinni qimmat narxda chakana sotish bilan shug‘ullanib kelayotganliklari aniqlandi. Ulardan jami 5,6 tonna benzin yoqilg‘isi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

benzin

Toshkent viloyatining Bekobod, Bo‘ka, Bo‘stonliq, Oqqo‘rg‘on, Parkent, Chinoz va Yangiyo‘l tumanida esa 7 nafar fuqarodan jami 721 litr benzin yoqilg‘isi ashyoviy dalil sifatida olindi.

benzin

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahar, Koson, Kasbi, Chiroqchi va Ko‘kdala tumanida Ai-80 markali benzin yoqilg‘isini qo‘lda qimmat narxda sotgan 6 nafar fuqaro aniqlandi. Ulardan jami 624 litr benzin yoqilg‘isi ashyoviy dalil sifatida olindi.

benzin

Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida 2774 litr Ai-80 markali benzin yoqilg‘isini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Aniqlanishicha, fuqaro N.N. “Zil” rusumli yoqilg‘i tashishga mo‘ljallangan avtotransport vositasida benzinni Karmana tumanida qo‘lda qimmat narxlarda o‘tkazish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan. U jami 2774 litr benzin yoqilg‘isi ashyoviy dalil sifatida olingan.

benzin

Mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 26-fevraldan UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 7000 so‘mgacha qimmatlashdi. Oxirgi bir oy ichida ushbu markadagi benzin taqchilligi kuzatilmoqda.