O‘zbekistonda 2023-yilda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2282 nafar fuqaro (2022-yilga nisbatan 74 nafarga kam), jumladan, 263 nafar bola vafot etdi. Bu haqda Senatdagi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2023-yilda jami 16 mln dan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan, jumladan, 13 mln dan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan. Majlisda bunga avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Yil davomida respublikada 9839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.

Avvalroq 2023-yilning 11 oyida (yanvar-noyabr) esa 8693 ta YTH sodir etilib, ularda 2080 nafar inson halok bo‘lgan va 8055 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi. Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqadiki 2023-yilning dekabr oyining o‘zida 202 nafar fuqaro yo‘llarda vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil davomida respublika hududida jami 9902 YTH sodir etilgan bo‘lib, 2086 ta o‘lim bilan bog‘liq holatlarda 2356 nafar fuqarolar vafot etgandi.