Prezident suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevga yangi o‘rinbosarlar tayinladi. Vazirlik saytidagi ma’lumotlar “Gazeta.uz” e’tiborini tortdi.

Timur Nuryigitovich Butunbayev vazirning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U 1986-yil 6-noyabrda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tug‘ilgan. 2009-yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Ta’lim bo‘yicha huquqshunos.

Mehnat faoliyatini 2009-yilda Toshkent shahri Yashnobod tumani IIB tergovchisi sifatida boshlagan. 2010−2017-yillarda IIVning turli lavozimlarida ishlagan. 2018−2024-yillarda Prezident administratsiyasida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Xabibulla Otaqulovich Quvondiqov suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. U 1978-yil 13-iyulda Qarshi shahrida tug‘ilgan. 1999-yilda Toshkent moliya institutini, 2006-yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi Oliy biznes maktabini tamomlagan. Yo‘nalishlari — moliya-kredit, moliyaviy tahlil, sug‘urta, umumiy menejment, MBA Business Management.

Mehnat faoliyatini 1999-yilda Toshkent viloyatidagi “Suvoqova” trestining iqtisodiyot va istiqbolni belgilash bo‘limida muhandis sifatida boshlagan. Keyinchalik bo‘lim boshlig‘i, trest boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2003−2007-yillarda “O‘zkommunxizmat” agentligi mas’ul xodimi bo‘lgan.

2007−2010-yillarda Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, 2011−2012-yillarda agentlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va boshqarma boshlig‘i bo‘lib faoliyat yuritgan.

2012−2018-yillarda Vazirlar Mahkamasi departamentida yetakchi mutaxassis, 2018−2020-yillarda Davlat veterinariya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, 2020−2021-yillarda “O‘zsuvta'minot” kompaniyasi Xalqaro aloqalar va protokol bo‘limi boshlig‘i, 2020−2021-yillarda Qurilish vazirligining Yig‘ma axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2022-yilda u Wall Street Consult kompaniyasida moliyaviy maslahatchi lavozimida ishlagan, 2023−2024-yillarda esa muhandislik inshootlarini qurish bilan shug‘ullanuvchi UET Construction kompaniyasi direktori lavozimida ishlagan.

Suv xo‘jaligi vazirligi yangi vazir o‘rinbosarlari tayinlangani haqidagi xabarni e’lon qilmadi. Vazirlik matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, ular bir haftadan buyon ushbu lavozimlarda ishlamoqda. Ammo vazirlik saytidagi biografiyalarda tayinlov sanalari 27-fevral deb ko‘rsatilgan.

Suv xo‘jaligi vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov 2023-yil oktabr oyida qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. O‘tgan yilning iyul oyida ishdan olingan Baxtiyor Kamalovning bo‘sh qolgan lavozimiga esa Habibulla Quvondiqov keldi.