O‘zbekistonda 27-fevral kuni elektr energiyasini yetkazib berishdagi cheklovlar 700 MVtgacha oshirildi, deya ma’lum qildi Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev.

Qayd etilishicha, 27-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 240,9 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu so‘nggi kunlardagi eng kam ko‘rsatgich (26-fevral — 244,6 million, 25-fevral — 241,9 mln, 22-fevral — 244,2 mln, 21-fevral — 246,8 mln, 20-fevral — 246,6 mln, 19-fevral — 243,9 mln).

Elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,7 mln kubometr tabiiy gaz (dushanba va oldingi kunlarda mos ravishda 43,6, 43,3, 42,3, 41,9, 41,7 va 41,3 million), 26,7 ming tonna ko‘mir (17,2, 20,7, 21, 23,5, 24,8 va 25,6 ming) hamda 10,8 ming tonna mazut (11,1, 11,3, 11,4, 12, 12,6 va 12,1 ming) yoqildi.

Turkmanistondan 22 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi (22,2, 22,2, 22,5, 20, 20,1 va 20,6 mln).

27-fevral kuni O‘zbekiston bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida rekord darajada — 700 MVtgacha cheklovlar kiritildi (26 va 25-fevral kunlari — 600, undan avvalgi kunlari 550 MVt dan ko‘p bo‘lmagan).

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar 28-fevral ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkinligi qayd etildi.

Gaz iste’moli 154,7 mln kubometrni tashkil qildi (26-fevral — 156,5, 25-fevral — 157,2 mln kubometr). “Tabiiy gaz bosimining hali-hanuz past ekanligi bu boradagi me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishiga to‘sqinlik qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Seshanba kuni mamlakatdagi (1517 tadan) 561 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 771 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berilgan (dushanba kuni — 626 AGTKSHlari orqali 4,05 mln kubometr). Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 5 ming 104 tonna avtobenzin yetkazib berilgan.

Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda, iste’molchilardan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71−207−23−76 telefon raqami yoki Telegram`dagi (@het_admin) administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71−202−11−04 telefon raqami yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78−148−30−03, 71−244−38−28 telefon raqamlariga murojaat qilishlari so‘raladi.