Hukumatning 24-fevraldagi qarori bilan jamoatchilik ekologiya nazoratchisi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjatda jamoatchilik ekologiya nazorati vakillarining maqomi, huquq va majburiyatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda malaka oshirish tartibi belgilab berildi.

Nizomga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ekologiya nazoratchisi bo‘lishi mumkin.

Ekologiya nazoratchisi vakolatli organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) bilan birgalikda quyidagi vazifalarni bajaradi:

  • atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yishda ishtirok etish;
  • atrof-muhitning holatini kuzatib borish, uning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlashda vakolatli organga, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘maklashish;
  • ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, brakonerlikka qarshi kurashish;
  • ekologik faoliyat samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNTlar va fuqarolarning ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish.

Ekologiya nazoratchisi quyidagi huquqbuzarliklar aniqlanganda, dalolatnoma rasmiylashtiradi va “Ekonazorat” elektron tizimiga kiritadi:

  • chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash, oqizish yoki yoqish;
  • ochiq suv havzalari yaqinida transport vositalarini yuvish va havzalarga oqova suvlarni to‘kish;
  • qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatidan hosil bo‘lgan oqova suvlarni ruxsat etilmagan joylarga oqizish;
  • noqonuniy ov qilish;
  • daraxtlarni noqonuniy kesish va o‘simliklarning nobud bo‘lishiga olib keladigan boshqa harakatlar.

Nomzodlar Ekologiya vazirligining hududiy boshqarmalariga yoki vazirlik sayti orqali yozma ariza topshirishi kerak. Ular vazirlik, Ekologik partiya va ekolog olimlardan iborat maxsus komissiya tomonidan tanlab olinadi.

Bepul maxsus tayyorgarlik 72 soat davom etadi va masofadan turib amalga oshirilishi mumkin. Uni Markaziy Osiyo universiteti qoshidagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi o‘qituvchilari olib boradi.

Tayyorgarlikdan so‘ng nomzodlar imtihonni individual suhbat shaklida topshirishi kerak, bunda ular komissiyaning savollariga og‘zaki javob beradi. Shundan so‘ng jamoatchilik ekologiya nazoratchisi maqomini tasdiqlovchi guvohnoma beriladi.

Ekologiya vazirligi 1-iyunga qadar jamoatchilik ekologiya nazoratchiligiga nomzodlar uchun mustaqil ta’lim dasturini tayyorlashi kerak.

Huquqbuzarliklar aniqlanganda va zarur choralar ko‘rilganda ekologiya nazoratchisi Ekologiya jamg‘armasining pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni noqonuniy kesish, yoqish, kundakov qilish, shikastlantirish, nobud qilish yoki boshqa joyga qo‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlaganlik uchun — huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida;
  • ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarliklar uchun — huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 15 foizi miqdorida. Bunda ushbu qismning 5 foizi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi inspektorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Jarima sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, summaning 15 foiz miqdori Ekologiya jamg‘armasi mablag‘laridan qoplanadi.

2021-yil iyul oyida sobiq Ekologiya davlat qo‘mitasi (hozirgi Ekologiya vazirligi) poytaxtdagi har bir mahalladan bittadan vakilga jamoatchilik ekologiya nazorati nazoratchisi guvohnomasini berishni rejalashtirgan edi. Ular davlat nazoratchisi bilan birgalikda daraxtlarni noqonuniy kesish, xavfli chiqindilarga qarshi kurashishi kutilgan edi.