Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga bosqinining ikki yilligi arafasida Rossiyaga qo‘llagan sanksiyalari ro‘yxatiga O‘zbekistonning Mvizion kompaniyasi ham kiritildi.

Qayd etilishicha, cheklovlar Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgar bo‘lgan 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxsga nisbatan joriy etilgan. Ular qatorida O‘zbekistonning Mvizion kompaniyasi ham bor.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022-yil iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, “elektron va telekommunikatsion uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ulgurji savdosi” bilan shug‘ullanadi.

1 million so‘m ustav kapitaliga ega kompaniyaning yagona ta’sischisi sifatida Igor Ievlev (Igor Ievlev) ko‘rsatilgan. U, shuningdek, kompaniya rahbari sifatida qayd etilgan.

Telegram`dagi “Pik Skartarisa” kanali surishtiruvlarni e’lon qilib boruvchi Important Stories saytidagi ma’lumotga e’tibor qaratgan. Maqolada Mvizion haqida ham so‘z borgan.

“ID Solutions kompaniyasi Igor Ievlevga tegishli. O‘zining LinkedIn sahifasida Ievlev 20 yil davomida bir nechta muvaffaqiyatli IT loyihalarini yaratgan va ishga tushirganini ta’kidlaydi… Uning O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi Mvizion kompaniyasiga ham aloqasi bor. Bojxona ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Mvizion Rossiyaning ID Solutions kompaniyasiga urush boshlanganidan keyin 1,8 mln dollar qiymatidagi mahsulotlar, jumladan, Amerikaning Hitech Global va Nvidia kompaniyalari tovarlarini yetkazib bergan. Urushdan oldin ID Solutions va Hitech Global to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilardi. Rossiyaning ID Solutions kompaniyasi va O‘zbekistondagi Mvizion kompaniyasining egasi bir shaxs — Igor Ievlev”, — deyiladi maqolada.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2023-yilning noyabrida AQSh, dekabrda esa Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyaga uchragan.

Avvalroq AQSh Moliya vazirligi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning bir qancha kompaniyalariga cheklovlarni chetlab o‘tib, Rossiyaga mahsulot yetkazib bergani uchun sanksiyalar kiritgandi. Ular orasida Polarstar Logistics kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ham bor.