Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Qonun loyihasi bilan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

Bulling — bolaning boshqa bolaga maqsadli ravishda zarar yetkazishidir. Bu muntazam ravishda takrorlanadigan va jabrlanuvchida unga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishiga to‘sqinlik qiladigan kuchning nomutanosibligidagi harakat. Bulling har qanday joyda va istalgan vaqtda sodir bo‘lishi mumkin: bolaning kundalik hayotida, bevosita munosabatlarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda. Bu nafaqat bolaning diqqatini ta’limda jamlashiga to‘sqinlik qiladi, balki uzoq muddatli psixologik jarohatlarga ham olib kelishi mumkin. Bulling jarayoni e’tibordan chetda qolib ketishi kerak emas.

Ekspluatatsiya — bu bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakldagi mehnatga majburlash;

G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik — ota-onalar zarur imkoniyatlar, bilim va ko‘nikmalar, shuningdek tegishli xizmatlardan foydalanish sharoitiga ega bo‘lishiga qaramay qarmog‘idagi bolaning sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishining jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan jismoniy, moddiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa ehtiyojlarini qondirmaslik.

Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.

Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan, jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar toifalarining (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilgani, sohadagi vakolatli organlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.

Loyihada, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan bir ovozdan qabul qilindi.