26-fevral kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahriga Muzaffar Erkaboyevich Rajabboyev hokim etib tayinlandi. Bu haqda Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida malum qilindi.

U 2020-yilning iyunidan beri shaharga hokimlik qilib kelgan Akrom Eshonqulovning o‘rnini egalladi. Akrom Eshonqulov 6-fevral kuni lavozimini tark etgani haqida o‘zi e’lon bergan va aholiga minnatdorlik bildirgandi.

Yangi hokim 1984-yilda Parkent tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2007-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, 2014-yilda Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi, 2019-yilda Xitoy xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetida magistraturani tamomlagan.

U Qibray tumani IIB yong‘in xavfsizligi xizmatida mehnat faoliyatini boshlagan. Shuningdek, Yuqori Chirchiq, Parkent tumani hokimliklarida mas’ul vazifalarda ishlagan.

Tayinlovga qadar Rajabboyev Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, shu vazirlikning yana bir vakili — vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Erkin Muhitdinov 2023-yil avgust oyida Ohangaron tumaniga hokim etib tayinlangan.