Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda ma’lum qildi.

Agentlikning asosiy vazifalari milliy sertifikatlar xorijiy davlatlarda tan olinishi bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, sifatsiz mahsulotlar importining oldini olish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitimi talablarini amaliyotga joriy etishdan iborat bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, agentlik soha uchun kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bevosita mas’ul bo‘ladi, aholi va tadbirkorlar bilan ishlashda shaffoflikni ta’minlash uchun sohani to‘liq raqamlashtiradi.

Prezident joriy yilda rivojlangan davlatlar bilan sinov natijalarini ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ishlarini davom ettirib, 1,2 mingta korxonada xalqaro sifat tizimlarini joriy etish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, texnik reglamentlar bilan qamrab olingan mahsulotlar turini ko‘paytirish, amaldagi 19 ta texnik reglamentni qayta ko‘rib chiqish va yangilash, etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini joriy qilish ishlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

JST bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida agentlik tuzilmasida Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy konsultantlarni jalb qilish va tarmoqlarda standartga mas’ul kadrlarni o‘qitish kerakligi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Akmal Jumanazarov Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Bungacha u energetika vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Agentlikning sobiq rahbari Dilshod Sattarov yanvar oyida prezident tomonidan lavozimidan ozod etilgan edi. Shavkat Mirziyoyev o‘shanda O‘zbekiston sertifikatlarini tan olish bo‘yicha hali biror davlat bilan kelishuvga erishilmaganini tanqid qilgan.

Prezidentning 2021-yil iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori bilan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (“O‘zstandart”) negizida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilgan.