TikTok va YouTube platformalarida Sardor gangster taxallusi bilan chiqishlar qilgan Sardor Safarboyev 10 sutkaga qamaldi, deya xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati sudlari matbuot xizmati.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2024-yil 21-fevraldagi qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 184−3-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi.

Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz 26 yoshli blogerga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Oradan ikki kun o‘tib, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan Sardor Safarboyevning shikoyati apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Avvalroq Nishon tumani sudi bloger Abdulhakim Abjalilovni tovlamachilikda aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagandi.