23-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini ta’minlash masalasida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda yoshlarni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2024-yilda “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yigit-qizning bandligini ta’minlash zarur. Shuningdek, kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarini 300 ming yosh bitiradi.

Yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 1 mln nafar o‘g‘il-qiz xorijiy tillarga bepul o‘qitilishi haqida aytib o‘tildi. Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi. Qishloq joylardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan 100 ta xususiy o‘quv markazining ijara xarajatlari 6 oygacha kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, xususiy kurslarda o‘qib, C1 sertifikatini olgan yoshlarga o‘qish xarajatlari, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha esa B2 darajasi sertifikatini olish xarajatlari qoplanadi. Shuningdek, 2024-yilda sertifikat olishdagi imtihon xarajatidan tashqari 6 oylik o‘qish puli ham to‘lab beriladi.

“Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT dizayner kabi 30 ta zamonaviy kasbga o‘rgatiladi.

Qolaversa, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi biznes uchun imkoniyatlarga yo‘naltiriladi. “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Mutasaddilar yangi sanoat loyihalarida 100 ming, xizmatlar sohasida 150 ming, ish o‘rinlarini legallashitirish va o‘zini o‘zi band qilish orqali 200 ming nafar yigit-qiz bandligini ta’minlash to‘g‘risida axborot berdi.

Shuningdek, bu yil axborot texnologiyalari sohasida 70 ming yoshni band qilish rejalashtirilgan. Buning uchun hokimlar qobiliyatli yigit-qizlarni aniqlab, IT kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘maklashadi.