Toshkentda 2024-yilning yanvar oyida ikkilamchi bozordagi uy-joylarning o‘rtacha narxi 2023-yilning yanvar oyiga nisbatan deyarli 20 foizga oshdi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha sharhida.

Yanvar oyining o‘zida poytaxtdagi ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmagan va bir kvadrat metr uchun 1122 dollarni tashkil etgan. Bektemir, Sergeli va Yashnobod tumanlarida narxlar biroz oshgani qayd etilgan.

Umuman, mamlakat ikkilamchi uy-joy bozori yil boshidan beri 1,6 foizga o‘sgan. Eng sezilarli o‘sish Xorazm, Toshkent va Andijon viloyatlarida qayd etilgan.

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziInfografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Markaz O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori barqarorligicha qolayotganini qayd etgan. Ijara bozorida talab pasayishda davom etmoqda. Tahlilchilar mavsumiy pasayish kuzatilayotganiga qaramay, Uchtepa, Bektemir va Sergeli tumanlarida faollik oshganini qayd etgan.

Yanvar oyida O‘zbekistonda qariyb 22 mingta uy-joy sotilgan, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 20 foizga ko‘p.

Uy-joylar savdosi Xorazm (75 foiz), Sirdaryo (51 foiz), Samarqand (48 foiz) va Surxondaryo (42 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada oshgani qayd etilgan.

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziInfografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Yanvar oyida Toshkentda uy-joy ijara narxlari pasayishda davom etdi. Umuman olganda, yil boshidan buyon poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 2,2 foizga pasaydi va 1 kvadrat metr uchun 9 dollarni tashkil etdi.

E’tiborlisi, Uchtepa, Bektemir va Sergeli tumanlarida ijara haqi mos ravishda 3,4 foiz, 2,1 foiz va 1,1 foizga qimmatlagani qayd etilgan.

Shayxontohur va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ijara haqi sezilarli darajada pasaygan, bu hududlarda ijara narxi 5 foizdan ko‘proqqa arzonlagan.

Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida narxlar biroz pasayganiga qaramay, bu yerda eng yuqori narxlar saqlanib qolmoqda, uy-joyni ijaraga olish har kvadrat metr uchun o‘rtacha 11 dollarni tashkil etadi.

Nisbatan arzon ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida qayd etilgan — 1 kvadrat metr uchun 6 dollardan 8 dollargacha.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi avvalroq 2023-yilda Toshkentda o‘rtacha ijara narxi 10,2 foizga pasaygani haqida ma’lumot bergandi.