26-yanvar kuni Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Toshkent shahri va Buxoro viloyatida tezkor tadbir o‘tkazib, yer resurslarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlarni aniqladi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Namangan viloyatida tug‘ilgan, “Sunnat Spets Stroy” MCHJ ta’sischisi toshkentlik fuqaroga Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi korxonasiga ajratilgan 6,7 gektar yer maydonini jami 1 mln 340 ming dollarga va u yerga tutash bo‘lgan tuman hokimligi zaxirasidagi 2 gektar yer maydonini 10 ming dollarga 10 yil muddatga foydalanish uchun berishini aytgan. Hujjatlarni esa kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Gumonlanuvchi Yashnobod tumani Botkin ko‘chasidagi kafeda bo‘nak (avans) tariqasida 50 ming dollar pulni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi, deyiladi xabarda.

8-fevral kuni Buxoroda kuzatilgan holatda esa 1995 va 1998-yilda tug‘ilgan ayol va erkak buxorolik boshqa bir shaxsga Navoiy viloyati Nurota tumani Yangihayot massivida joylashgan, tuman hokimligi tomonidan 10 yillik ijara shartnomasi asosida foydalanishga berilgan yer maydonidan 25 gektarini olib berishni va’da qilgan. Buning uchun Davlat kadastrlar palatasi G‘ijduvon tumani filiali yer hisobotini yuritish bo‘limi boshlig‘i orqali hujjatlarni rasmiylashtirish reja qilingan.

Tezkor tadbir davomida yuqorida qayd etilgan shaxslar 20 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.