Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni Qozon shahriga amaliy tashrif doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev hamkasbini sportning an’anaviy va virtual turlarini o‘zida birlashtirgan “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro musobaqasi o‘tkazilayotgani bilan tabrikladi.

“Bunday go‘zal tarixiy Qozon shahriga kelish, telefonda aytganimdek, men uchun doim zavq bag‘ishlaydi. Bugun esa bu ajoyib g‘oya, sizning tashabbusingiz, 300 ta jamoa, 100 dan ortiq, 104 ta hukumatlar. Biz ham Kibersport federatsiyasini tuzganmiz, ammo bu tashabbusingiz o‘z yo‘lini topadi, chunki biz yoshlarimizning g‘oyalari izidan borishimiz, ularga shart-sharoit yaratishimiz kerak… Harqalay, hozir yoshlar kompyuterda, kibersport bilan shug‘ullanmoqda. Va agar ular ham kibersport, ham an’anaviy sport turlari bilan shug‘ullansa-chi? Biz bu orqali ularni biroz harakatga keltiramiz”, — dedi u (iqtibos TASS e’lon qilgan videodan keltirilgan).

“Sport vazirimiz sizning vaziringiz bilan juda jiddiy aloqada. Rossiya qayerdan boshlagandi? Sizda allaqachon ikki yillik tajriba, usullar, metodika bor. Bu yerga kelishga tayyorgarlik ko‘rishdan oldin maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida buni qanday amalga oshirishimiz kerakligi haqida ko‘rsatmalar berdim. Bu ham katta savol. O‘ylaymanki, siz bilan birgalikda yaxshi shakllangan tajribangizni o‘rgansak, bu biz uchun juda yaxshi bo‘lardi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati.Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Rossiyada 15−17-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari haqida fikr bildirdi.

“Tez orada Rossiyada katta siyosiy voqea — prezidentlik saylovi bo‘ladi. Ishonchimiz komilki, Rossiya xalqi allaqachon ovoz berib bo‘lgan. O‘zbekistonda esa sizning mutlaq g‘alabangizga ishonch bildirishadi, deb hisoblaymiz. Kelishib olganimizdek, ilk tashriflaringizdan biri O‘zbekistonga bo‘ladi. Men butun jamoamga bu tashrif har doimgidek barcha sohalarda tarixiy va voqealarga boy bo‘lishi kerakligini aytdim. Men juda jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Vladimir Putin investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash fondini yaratish g‘oyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fond “yaxshi ta’minlangan — 500 million dollar”. “Bu biz belgilagan rejalarni amalga oshirish uchun yaxshi va samarali vosita bo‘lishi mumkin”.

Foto: Prezident matbuot xizmati.Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta Toshkentga tashrif buyurgan bosh vazir o‘rinbosari, Sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturov hamda transport vaziri Vitaliy Savelev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasiga “juda muhim savol” qo‘yganini aytdi.

Tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard [dollar] dan ortiq — bizda bunday ko‘rsatkichlar yo‘q edi. Lekin sizning jamoangiz bilan barcha muammolarni boshdan kechirdik. Biz 10 ni belgilaganimiz yo‘q, biz bu yil, 2024-yilda 5 milliard dollar sarflamoqchimiz. Ya’ni bizda real loyihalar, real ijrochilar va real hududlar, real yo‘nalishlar, yirik loyihalar bor. Siz tomonda esa katta jamoa bor. Ular qo‘llariga qalam olib, har bir nuqtani bosib o‘tishdi, men hamma bilan batafsil gaplashdim, haqiqiy natija bor”, — dedi O‘zbekiston prezidenti (Kreml saytidan iqtibos).

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston orqali yangi temiryo‘l qurish loyihasiga ham e’tibor qaratdi.

“Savelev o‘sha yerda edi, biz ham rozi bo‘ldik. Loyihada biz va rossiyalik hamkasblarimiz ishtirok etishi, keyin esa yanada ko‘proq targ‘ib qilishga qiziqish bor”, — dedi u.