O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida hududlarga IT eksportchi tashkilotlarni keng jalb etishga qaratilgan Zero Risk (“Nol risk”) dasturi joriy etiladi. Bu haqda 22-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatilgan taqdimotda so‘z boradi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Zero Risk dasturi

Dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga IT-park tavsiyanomasi asosida bo‘sh turgan davlat binolari 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi. Bu muddat tugagach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuziladi.

Bundan tashqari, IT-park tomonidan texnologiya va jihozlar 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.

Mazkur korxonalar faoliyatini rivojlantirish uchun ham qator imtiyozlar beriladi. Jumladan, dastur ishtirokchilarining xodimlarni ishga olish va malakasini oshirish xarajatlari 50 foizgacha qoplab beriladi.

Shavkat Mirziyoyev.Shavkat Mirziyoyev.

Local to Global dasturi

Shuningdek, mahalliy IT kompaniyalariga jahon bozoriga kirishda yordam berish uchun Local to Global (“Mahalliydan globalgacha”) dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu maqsadlar uchun, jumladan, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish va xorijiy ekspertlarni taklif qilish uchun xarajatlarning 50 foizgacha qismi qoplab beriladi.

“Raqamli inklyuzivlik” loyihasi

Prezidentga “raqamli inklyuzivlik” loyihasi haqida ham ma’lumot berildi. “Gazeta.uz” yozganidek, loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda, u o‘tgan yilning noyabr oyida 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratgan.

Mazkur loyiha doirasida yoshlar, ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslar IT xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalariga o‘rgatiladi.

9 ming ish o‘rni yaratish, jumladan, 5 ming nafarga yaqin ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Umuman, “raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish natijasida 25 ming kishi ish bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 1700 nafarga yetdi, ularda 26 ming nafar xodim ishlaydi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida rezidentlar sonini 7500 nafarga, ish o‘rinlarini 100 ming nafarga yetkazish, shuningdek, sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga olib chiqish ko‘zda tutilgan.