Buxoro viloyatida yuqori kuchlanishdagi 2 ta elektr uzatish tarmog‘ida yuz bergan nosozlik to‘liq bartaraf etildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 21-fevral kuni soat 15 dan 10 daqiqa o‘tganida 17-fevral kuni Buxoro viloyatida kuchli shamol natijasida yuqori kuchlanishdagi 2 ta elektr uzatish tarmog‘ida yuz bergan nosozlik to‘liq bartaraf etildi.

“Qariyb to‘rt kun davomida noqulay ob-havo sharoitlarida murakkab kechgan ta’mirlash-tiklash ishlarida „Hududiy elektr tarmoqlari“ aksiyadorlik jamiyati hamda „O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari“ aksiyadorlik jamiyatining 9 ta maxsus brigada tarkibidagi 83 nafar xodimi 12 ta mashina, shuningdek boshqa texnika mexanizmlari bilan faollik ko‘rsatishdi. Shuningdek, mahalliy hokimliklar, viloyat ichki ishlar hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining ko‘magi katta bo‘ldi. Maxsus shtab tuzilib, ish 24 soatlik rejim asosida yo‘lga qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.

Ushbu nosozlik sabab elektr energiyasi yetkazib berishda cheklovlar joriy etilgandi. Vazirlik mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkinligini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, 21-fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 246,8 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,9 mln kubometr tabiiy gaz, 23,5 ming tonna ko‘mir hamda 12 ming tonna mazut yoqilgan.

Eslatib o‘tamiz, 21-fevral kuni Toshkent shahri havo ifloslanishi bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoridan joy oldi.