O‘zbekiston Markaziy banki 23-fevraldan boshlab xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

Savdo yakunlariga ko‘ra, AQSh dollari kursi 12,97 so‘mga oshib, tarixiy maksimal — 12 508 so‘mga yetdi.

Tijorat banklarida payshanba kuni dollar 12 435−12 450 so‘m kursida sotib olindi. Sotish kursi 12 495 so‘mdan (faqatInvest Finance Bank`da) 12 560 so‘mgacha o‘zgardi.

2022-yil oxirida milliy valyuta 3,94 foizga, 2023-yilda esa 9,7 foizga qadrsizlandi. 2024-yil boshidan buyon so‘m 1,37 foizga yoki 169,23 so‘mga qadrsizlandi.

O‘tgan yili milliy valyuta eksport va pul o‘tkazmalaridan tushadigan valyuta tushumlarining kamayishi fonida zaiflashdi. Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 62,6 milliard dollarga (+23,8 foiz) yetdi. Tashqi savdo taqchilligi 13,7 milliard dollarga (+24,3 foiz), oltin eksportini hisobga olmaganda esa 19 milliard dollarga oshdi. Yanvar oyida tashqi savdo 2023-yilning shu oyiga nisbatan 17,2 foizga — 4,2 milliard dollarga, eksport deyarli ikki barobarga — 1,1 milliard dollarga, import esa 4,1 foizga — 3,08 milliard dollarga qisqardi. Shunday qilib, salbiy savdo balansi salkam 2 milliard dollarni tashkil etdi.

2022-yildan keyin pul o‘tkazmalari hajmi 16,9 milliard dollardan 11,4 milliard dollargacha (-32,5 foiz) kamaydi. Bundan tashqari, o‘tgan yil davomida yuridik shaxslarning O‘zbekiston banklaridagi xorijiy valyutadagi depozitlari qoldig‘i 36 foizga — 5,5 milliard dollardan 3,5 milliard dollarga qisqardi. Yil davomida xorijiy valyutadagi depozitlarning qisqarishi to‘xtamadi.

Bu omillarning barchasi xorijiy valyutaga talabning oshishiga va so‘mning qadrsizlanishiga olib keladi.

Ilgari Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yilgi budjet xabarida so‘mning har 100 so‘mga qadrsizlanishi davlat budjetining yillik xarajatlarining 400 milliard so‘mga oshishiga olib kelishi ta’kidlangan edi.