Andijon shahri Kengashi deputati Jahongir Jiyanov sotib olingan ayrim daraxt ko‘chatlari narxi oshirib ko‘rsatilgani va shahar obodonlashtirish boshqarmasi xarajatlari bo‘yicha ma’lumotlarda farq borligini ma’lum qildi.

U Andijon shahri obodonlashtirish boshqarmasi xarajatlarini aniqlash maqsadida uchta davlat tashkilotiga xat yo‘llab, turli xil ma’lumotlar olgan. Boshqarmaning o‘zi so‘rovga javoban 2023-yilda davlat budjetidan 52,73 milliard so‘m xarajat qilinganini ma’lum qilgan. Shahar hokimligining iqtisodiyot va moliya bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra esa, bu raqam 54,66 milliard so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga, G‘aznachilik xizmati bo‘limining ma’lumotlari ham turlicha — 56,95 milliard so‘m.

Jahongir Jiyanov o‘zining “Soyadagi siyosatchilar” Telegram-kanalida uchta davlat tashkiloti ma’lumotlari 4 milliard so‘mdan ortiqqa farq qilayotganini ma’lum qildi. Xuddi shu farq 2022-yil uchun xarajatlarda ham kuzatilgan. “Yolg‘onlar shahrida yolg‘onlar davom etadi!” — deb yozgan u.

Deputat vaziyatga huquqiy baho berish uchun prokuraturaga xat yuborgan.

jahongir jiyanov

Bundan tashqari, tovar-xom ashyo birjasi (UzEx) portali ma’lumotlariga tayanib, u Andijon shahri obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan qariyb 2 milliard so‘mga 3 dona manzarali ko‘chatlar sotib olingani haqida ma’lum qildi. Jumladan, rahbariyat tomonidan har bir dekorativ o‘simliklar qalamchalari uchun YATT “Taxirov Abdulvoxid Vasilovich"ga 598,7 million so‘m, YATT “Nasirdinova Muxayyoxon Odiljon qizi"ga 698,6 million so‘m va “Gullar va landshaft” MCHJga 698,7 million so‘m to‘lab berilgan.

Deputat obodonlashtirish boshqarmasiga ekilgan daraxtlar soni to‘g‘risida so‘rov yuborgan va boshqarmaning javobida bu ko‘chatlar haqida ma’lumot yo‘qligini aniqlagan. Davlat idorasi shaharda ko‘chat ekish uchun atigi 121 million so‘m ajratganini ma’lum qilgan.

Andijon shahri hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov 2023-yilda Andijon viloyati budjetiga respublika budjetidan 15 milliard so‘m kredit ajratilgani haqida ma’lum qilgan. Shundan 2 milliard so‘mi shaharning markaziy ko‘chalari va maydonlariga manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekish qarzlarini qoplash uchun shahar budjetiga o‘tkazilgandi.

Unga ko‘ra, tadbirkor Abdulvoxid Taxirov va “Gullar va landshaft” korxonasi tomonidan 1 milliard 990 million so‘mlik 83 turdagi 5 ming 235 tup daraxt, mavsumiy gullar ekilgan.

Hokim hujjatlarda “birjada tasdiqlangan” texnik xatolik borligini aytgan.

“Soyadagi siyosatchilar blogerimiz shoshib, bu yerda aytyapti, bitta daraxtni 700 million [so‘m]ga olgan deb… Bu texnik xato bo‘lgan, birjadan ham xat bilan “podtverjdeniya"sini olib kelyapmiz. Tegishli huquq-tartibot idoralaridan iltimos qilardik, o‘rganib, belgilangan tartibda kim aybdor [ekani haqida] xulosa qildirib bersa kerak. Birjaga kirganda qaysi daraxt necha puldan olingani ko‘rinib turibdi. Bu kirmasdan, qaramasdan, bitta daraxtni 700 million so‘mga oldi, deb, shahar hokimini, viloyat hokimini obro‘sizlantirish, davlatni obro‘sizlantirishdir… Hamma Xudodan qo‘rqadi. Dunyo bor, jazo bor, qonun bor bizda. Davlatimiz rahbari: “qonun ustuvorligi — jazoning muqarrarligi”, — deb aytadi”, — dedi u.

Andijon shahri obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ro‘zivoy Akbarov ham tuzilgan shartnomalar orqali aniqlash mumkin bo‘lgan texnik xatolik haqida gapirdi.

Shahar hokimligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, obodonlashtirish boshqarmasi elektron davlat xaridlari tizimi (etender.uzex.uz) orqali manzarali va ignabargli daraxtlar, shuningdek, mavsumiy gullar (lot raqamlari 243122, 24311, 243163) sotib olish uchun tanlov e’lon qilgan.

Deputat hokimning 2022-yilda Andijonda ko‘chat ekish haqidagi so‘zlariga javoban prokuraturaning 2023-yil 30-yanvardagi xatini ilova qildi. Xatda 284,4 mln so‘mlik 207 ta qimmatbaho manzarali daraxt ekilmagani sabab obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Payshanba kuni u ekishdan oldin qurib qolgan gul ko‘chatlari videosini ham joylashtirdi. “budjet — bu xalq puli! U pulni egalari so‘rashga xaqli”, — dedi u.

O‘tgan yozda ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov “Yashil makon” dasturi doirasida 2 million tup ko‘chat ro‘yxatga olinganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, 1,8 million tup ko‘chatga tegishli mas’ullar biriktirilmagan, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilgan.

2022-yil fevralida prezident O‘zbekistondagi barcha rahbarlar qo‘shib yozishlarga o‘rganib qolganini ta’kidlagan edi. U bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov va bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (hozirda prezident maslahatchisi) Shuhrat G‘aniyevni tilga olgandi. “Biz [buncha daraxt] ekmaganmiz. Mayli, 75 million emas, 50 million bo‘lsin, lekin hammasi adolatli bo‘lsin. Yo‘q, Ramatov ham, G‘aniyev ham prezidentga: „Bajardik“, „Xo‘p bo‘ladi, qilamiz“, deb aytishga odatlangan”, — degandi u.