O‘zbekistonda 1-oktabrdan boshlab aholiga ko‘rsatilayotgan barcha ijtimoiy yordamlarni ijtimoiy karta orqali moliyalashtirish joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Bunda, eng avvalo, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlari jamg‘armalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar o‘tkaziladi.

Ushbu karta orqali transport va kommunal sohalardagi imtiyozlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Ijtimoiy himoya agentligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, bunday karta identifikatsiya kartasi sifatida ham xizmat qiladi.

Misol uchun: Rossiyada bank ijtimoiy kartasi mavjud. U ham to‘lov vositasi, ham imtiyozli karta hisoblanadi. Uning yordami bilan siz xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirishingiz, jamoat transportida bepul sayohat qilishingiz, do‘konlarda chegirmalar olishingiz mumkin va hokazo.

Davlat rahbari raqamlashtirish hisobiga o‘rnidan tura olmaydigan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz 2 ming kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

Masalan, Navoiy shahrida yashaydigan nogironligi bor yolg‘iz ayolni 12 yoshli farzandi maktabga chiqmasdan parvarishlab kelayotgan edi. Unga ijtimoiy ko‘makchi biriktirilib, uyida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani sabab, farzandi maktabga chiqib, oilaning ijtimoiy ahvoli yaxshilanmoqda.

Ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmidan ham bexabar. Masalan, nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona ushbu imtiyozdan foydalanmayapti.

Prezident aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.