Mubashshir Ahmad Turkiyaning Istanbul viloyatidagi deportatsiya markazidan chiqarildi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning mamlakatdagi elchixonasi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 28-dekabr kuni Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov Turkiya ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan edi. Politsiya uni Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirgan.

O‘shanda Istanbuldagi bosh konsulxona Mubashshir Ahmadga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgandi.

Azon Global axborot tahliliy portali esa advokatlar hodisa sodir bo‘lgan kundanoq harakatlarini boshlagani va boshqa barcha kerakli choralar ko‘rilayotganini bildirgan.

“Bugun, 21-fevral kuni vatandoshimiz deportatsiya markazidan oilasi bag‘riga qaytganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi elchixonaning chorshanba kungi xabarida.