“Yoshlarning xalqaro IT sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi. Bu haqda 17-fevral kuni hukumatning 95-sonli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, ariza beruvchi xalqaro IT sertifikat berilgan sanadan 180 kalendar kun mobaynida mazkur sertifikatni olish xarajatlarini qoplab berishni so‘rab, YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi lozim.

Kerakli hujjatlar:

  • IT sertifikat olish uchun sarf qilgan xarajati to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi nusxasi;
  • Xalqaro IT sertifikat nusxasi;
  • Qoplanishi zarur bo‘lgan mablag‘lar qaysi hisobvaraqqa yo‘naltirilishi haqidagi ma’lumotlar;
  • O‘quv kursini tamomlaganini tasdiqlovchi hujjatlar.

Ariza beruvchining xalqaro IT sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berishda ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat talab etilmaydi.

Bunday sertifikatlar boshlang‘ich darajada bo‘lganda 30 foiz, o‘rta darajada bo‘lganda 40 foiz hamda professional darajada bo‘lganda 60 foiz miqdorda sarflangan xarajatlar qoplab beriladi. Avvalroq yuqori darajadagi IT mutaxassislik sertifikatiga 50% kompensatsiya to‘lab berilishi xabar qilingandi.

Ingliz tili bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi hamda professional darajadagi xalqaro IT sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning mazkur xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Xizmatni ko‘rsatish 17 ish kuni mobaynida bajariladi.