Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar hay’ati 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan diniy bloger Abror Abduazimovga nisbatan qo‘llangan ma’muriy jazoni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

6-fevral kuni Shayxontohur tumani sudi Abror Abduazimov va yana bir fuqaro Xusrav Nasrullayevga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq va BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlagandi. Sud qarorida ular Shayxontohur tumani hokimligi binosida janjal keltirib chiqargani qayd etilgan. Ushbu shaxslar huquq-tartibot idoralari xodimlari voqea joyiga yetib kelgach, ularning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, ommani o‘ziga jalb qilib, xodimlarga nisbatan soxta uydirmalarni tarqatgan, deyiladi hujjatda.

Ikkala erkak ham sud qarori bilan hibsga olish xarajatlarini to‘lashdan ozod etildi.

14-fevral kuni Toshkent shahri sudi Abror Abduazimovga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Oliy sudning nazorat organi hibsga olingan shaxslarning birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘ragan shikoyatlaridagi vajlarni ko‘rib chiqib, ularni qisman qanoatlantirishga qaror qildi. Chunki jazo tayinlashda sud ularning shaxsi, oilaviy ahvoli, aybiga iqrorligi va qilgan ishidan pushaymon ekanini inobatga olmagan va og‘irroq jazo tayinlangan.

Taftish organi MJTKning 194-moddasi 1-qismi bo‘yicha jazoni (BHMning 1 baravari — 340 ming so‘m) o‘zgarishsiz qoldirish zarur, 195-moddasida nazarda tutilgan qamoq jazosi esa “harakatga mutanosib bo‘lishi kerak”, deb hisobladi. Ushbu shaxslar uchun ma’muriy qamoq muddati 15 kundan 13 kunga qisqartirildi. 15 kunlik muddat 21-fevralda tugadi.

Avvalroq, 8-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasi advokat Xusrav Nasrullayevning shikoyatini ko‘rib chiqqandi. Uning aytishicha, Shayxontohur tumani hokimligida ma’muriy bayonnoma tuzilgan, biroq Nasrullayevning o‘zi bu binoga bormagan. Bundan tashqari, ko‘rsatilgan guvohlar protokolda ishtirok etmagan, hujjatda ularning pasport ma’lumotlari yo‘q, shuningdek, ko‘rsatma berish uchun sudga taklif qilinishmagan.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, birinchi instansiya sudi qamoq jazosini tayinlashda Nasrullayevning qaramog‘ida 63 yoshli onasi, 3 nafar farzandi va homilador ayoli borligini, shuningdek, u oilaning yagona boquvchisi ekanini hisobga olmagan. Himoyachi apellyatsiya sudidan qarorni bekor qilishni so‘ragan, biroq sud qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.