Chorshanba kuni ertalab soat 8:00 da Toshkent atmosfera havosidagi mayda PM2,5 zarrachalarining miqdori 140,3 mkg/m3 ni tashkil etib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 28,1 marta (5 mkg/m3) oshib ketdi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Soat 9:00 da, IQAir jahon xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, PM2,5 ifloslanishi 196,5 gacha oshdi, bu JSST tavsiya qilgan standartdan 39,3 baravar yuqori.

Ushbu xizmat tomonidan tuzilgan jahon shaharlari reytingida Toshkent yana “juda zararli” havo bilan birinchi o‘ringa chiqdi, biroq bu safar kattaroq farq bilan. Havo sifatida 247 ko‘rsatkich (soat 10:00 holatiga ko‘ra) bilan shahar Lahor (195), Dehli (178), Dakka (167), Bishkek (162), Xanoy (155), Yangon (153) va Jakarta (152) shaharlarini ortda qoldirdi.

O‘zbekiston poytaxtidagi xonadonlar va ofislardagi datchiklar ham havoning yuqori darajada ifloslanishini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, PM2,5 ko‘rsatkichlari sezilarli darajada farq qiladi (masalan, odatdagi 10−20 o‘rniga 70).

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchilar ertalab havoda kuchli kuyindi buluti shakllanganidan shikoyat qildi. Bu shaharning markazi va boshqa hududlarida ham sezildi.

19-fevral kuni Energetika vazirligi matbuot xizmati mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 12,1 ming tonna mazut yoqilganini ma’lum qildi, bu avvalgi kunga nisbatan 1400 tonnaga ko‘p — bir kun avval bu miqdor 10,7 ming tonna edi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov 20-fevral kuni kechqurun O‘zbekiston hududiga kelayotgan uch kunlikda antitsiklon sharoiti keng masshtabda ta’sir etib, ob-havo sharoitida havoni ifloslantiruvchi moddalarning havoda muallaq turib qoladigan muhitini yaratishi mumkinligini ta’kidladi.

Qayd etish kerakki, qor yog‘gan kunlarda Toshkent ko‘chalari va uylarning kirish yo‘llariga qor va muzlarni eritish uchun qum-tuz aralashmasi, ko‘p joylarda esa shunchaki tuproq sochildi. Yer qurigach, sochilgan aralashmalar havoda qo‘shimcha chang hosil bo‘lishiga olib keladi.

Yangilik e’lon qilingan vaqt (11:30)ga kelib, Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa tushdi, Dehli birinchi o‘ringa ko‘tarildi.