Toshkent shahri Chilonzor tumanida Ritz-Carlton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilmoqda. Bu O‘zbekistonning 2024-yil birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida nazarda tutilgan.

O‘tgan yilning 22-noyabrida Ozarbayjonning Pasha Development qurilish kompaniyasi (Pasha Holding tarkibiga kiruvchi) tomonidan asos solingan PD Estates 2024−2026-yillarda 150 xonali mehmonxona loyihasini qurish uchun 200 million dollar sarmoya kiritmoqchi. Joriy yilning birinchi choragida 7 million dollarlik investitsiyalarni (kreditlar) o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

2018-yilning iyul oyida Tashkent City biznes markazi hududida Ritz-Carlton mehmonxonasini ochish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ko‘p funksiyali majmua tarkibida “A+” toifali biznes markazlari, besh yulduzli Ritz-Carlton mehmonxonasi, Ritz-Carlton`ning premium toifadagi servisga ega kvartiralari va jahonga mashhur brendlar do‘konlari galereyasi bo‘lishi kutilgan edi.

Loyiha uchun 1,5 gektardan ortiq hudud ajratilgandi. 200 metrli inshoot O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi eng baland bino bo‘lishi kerak edi. Qurilishni Murad Buildings kompaniyasi amalga oshirishi, dizayn ishlab chiqish ishlari bilan Yaponiyaning Nihon Sekkei loyihalash tashkiloti shug‘ullanishi kutilgandi, biroq loyiha amalga oshmadi.

O‘tgan yilning iyul oyida Pasha Holding bosh direktori Jalol Gasimov investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashib, Toshkentda mehmonxona qurish loyihasini amalga oshirish va Ozarbayjonda qo‘shma to‘qimachilik klasterini yaratish masalalarini muhokama qilgan edi.

19-fevral kuni xolding vakillari raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashib, Ozarbayjon kompaniyalari uchun Softlanding dasturini amalga oshirish va Pasha Holding hamkorlari orqali O‘zbekiston kompaniyalarini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish masalalarini muhokama qilgandi.

2023-yilning yozida Pasha Development kompaniyasi Marriott International bilan Bokuda The Ritz-Carlton Residences`ni ochish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

The Ritz-Carlton — “lyuks” toifasidagi mehmonxonalar xalqaro tarmog‘i. Tarmoq dunyodagi eng yirik Marriott International mehmonxonalar xoldingining shu’ba korxonasi bo‘lgan The Ritz-Carlton Hotel Company kompaniyasiga tegishli. Tarmoqning shtab-kvartirasi Merilend shtatida (AQSh) joylashgan. Kompaniya dunyoning yirik shaharlarida 90 dan ortiq mehmonxonalarni boshqaradi.

Pasha Holding — 2006-yilda tashkil etilgan Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi. U 12 ta bank, sug‘urta kompaniyalari, investitsiya kompaniyasi, IT kompaniyalari va ko‘chmas mulklarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, kompaniya turizm sohasiga, jumladan, Ozarbayjon va Turkiyadagi mehmonxonalar va kurortlarga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasiga ham investitsiya kiritadi. Xoldingning aktivlari 11,3 milliard dollarni tashkil qiladi.