Endilikda o‘ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularni ishlab chiqish boshlanishidan oldin aholidan taklif va tavsiyalar olish uchun internet tarmog‘ida e’lon qilinadi. Bu O‘zbekiston prezidentining 19-fevraldagi “Qonun ijodkorligi jarayoni sifatini oshirish to‘g‘risida”gi [PQ-75-sonli] qarorida nazarda tutilgan.

“Qaror „normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik muhokamasi tizimini takomillashtirish va norma ijodkorligi jarayonini xalqqa yaqin bo‘lishini ta’minlashga“ qaratilgan”, — deyiladi hujjatda.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularni muhokama qilish portalida joylashtiriladi. Qarorda “yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida to‘plangan ijobiy tajriba” haqida so‘z boradi.

Adliya vazirligiga “Jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan aholidan tushgan taklif va mulohazalarga ishlab chiquvchilarning munosabati ustidan ta’sirchan nazoratni yo‘lga qo‘yish” topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2018-yilda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini majburiy jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish talabi kiritilgandi. Biroq, 2022-yil mart oyida bu talab prezident farmoni bilan o‘zgartirildi.

Xususan, qonun hujjatlarida “barcha loyihalar” iborasi “muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar” iborasiga, “majburiy” iborasi “qoida tariqasida” degan so‘zlar bilan almashtirildi.

2022-yil aprel oyida Gazeta.uz Yo‘l harakati qoidalari muhokamasi e’tiborsiz qolgani haqida yozgandi.