O‘zbekistonda ta’lim muassasalarida gazlangan ichimliklar va tuzi yuqori bo‘lgan qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanishi mumkin. Bu prezidentning 16-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, mas’ul vazirlik va idoralar 2024-yilning to‘rtinchi choragiga qadar hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim. U kuchli gazlangan, rangli, shirin va energetik ichimliklar hamda yuqori darajada tuzlangan qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli va realizatsiyasiga cheklovlar joriy etishni nazarda tutadi.

Cheklovlar bolalar bog‘chalari, maktablar, kollejlar, litseylar, kasb-hunar ta’limi muassasalari va oliy o‘quv yurtlariga taalluqlidir.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022-yil 1-sentabrdan maktablar va ularga yaqin joylarda gazlangan ichimliklar va tez tayyorlanadigan ovqatlarni kamida 500 metr masofada sotishni taqiqlashni taklif qilgandi, biroq 2026-yilgacha o‘smirlar salomatligi va farovonligini himoya qilish strategiyasi loyihasi haligacha qabul qilinmagan.

Avvalroq 2024-yilning 1-aprelidan tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklar litri uchun 500 so‘m, energetik ichimliklar uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilishi xabar qilingan.