Yangilandi: hokimlik o‘z xabarini tahrirlab, undan yog‘ingarchilik hajmi ikki oylik me’yordan oshishi aytilgan qismini o‘chirdi.

Toshkent shahrida 18-fevral kuni qor yog‘ishi, u kamida 12 soat davom etishi kutilmoqda, deya xabar berdi poytaxt hokimligi.

Fuqarolarga zaruratsiz uydan chiqmaslik, shaxsiy transport vositalaridan foydalanishni minimallashtirishga harakat qilish va harakatlanish uchun jamoat transportidan foydalanish tavsiya qilindi.

Aholidan qor va muz massalari tushishi mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli binolardan saqlanish, quloqchin taqqan holda tashqariga chiqmaslik so‘raldi — bu yaqinlashib kelayotgan mashina yoki qor tushishini eshitmay qolishga olib kelishi mumkin.

Avtomobillarni ko‘p qavatli bino va inshootlar, shuningdek, daraxtlar tagida qoldirish tavsiya etilmaydi.

Elektr yoki gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda Markaziy dispetcherlik xizmatining 1055 raqamiga yoki Telegram orqali murojaat qilish kerak.

Qor yog‘ishi oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish uchun hokimlik xizmatlari, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar shay holatda, deya ishontirdi hokimlik.

Qayd etish kerak, O‘zgidromet xizmati agentligi kuchli qor yog‘ishi haqida hech qanday ogohlantirish bermagandi.

Agentligi yakshanba kuni ertalab Toshkentda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. Unga ko‘ra, yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat −1…+1 daraja bo‘ladi.

O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, biroq Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Ba’zi joylariga tuman tushadi, yo‘llarda yaxmalak bo‘ladi.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat −3…+2, shimolda 0…-5 daraja bo‘ladi.

Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ib, tuman tushishi mumkin. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Qor ko‘chish xavfi bor. Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi. Harorat −4…−9 daraja bo‘ladi.

Bir kun avval Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarini qorli va sovuq kunlarda ko‘chada ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga, binolar tomidan tushishi mumkin bo‘lgan qor va muzlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.