Respublika hududlarida havo haroratining pasayishi sababli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga “qisqa muddatli” cheklovlar kiritilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bu magistral gaz quvurlarida bosimning kamayishi holatlari bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlarni hisobga olgan holda respublikadagi barcha benzin “zapravka"larga avtobenzin mahsulotlarini qo‘shimcha miqdorlarda yetkazib berilishi ta’minlanadi, deya ishontirdi vazirlik.

Vazirlik iste’molchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi va vaziyat barqarorlashgunga qadar imkon qadar tejamkorlikka rioya qilishlarini tavsiya qildi.

Bir kun avval Buxoro viloyat hokimligi 18-fevral soat 06:00dan boshlab viloyatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi haqida ogohlantirgandi.