Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida o‘zi yashab turgan mamlakatning davlat tilini bilmaydiganlar haqida aytgan fikrlari O‘zbekistonda ham, undan tashqarida ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Davlat Umarov o‘z maqolasida muhokamalarga sabab bo‘lgan masala yuzasidan jamiyatda bo‘linishlarga yo‘l qo‘ymaslik va mavjud muammolarni yechish uchun mas’uliyatni olishdan qochmaslik muhimligi haqida mulohaza yuritadi.

Dastlab Rossiya TIVning rektor bo‘yicha bayonoti haqida ikki og‘iz gap. Sherzodxon Qudratxo‘janing Rossiya tashqi siyosat idorasiga xush kelmagan so‘zlari Rossiya fuqarolariga emas, balki o‘zbek tilini bilmaydigan O‘zbekiston fuqarolariga qaratilgan edi. Suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyilini hali hech kim bekor qilgani yo‘q, shu bois bu mavzuga boshqa davlat fuqarosi yoki tashkilotining aralashishga haqi yo‘q.

Har qanday O‘zbekiston fuqarosi kabi Sherzodxon Qudratxo‘ja ham O‘zbekiston jamiyatidagi masalalar yuzasidan o‘z shaxsiy fikrini bildirishga to‘la haqli. Shunday ekan, Qudratxo‘janing fikrlariga qo‘shilish-qo‘shilmasligimizdan qat’i nazar, unga boshqa bir davlat vakillari tomonidan tahdid-tajovuz qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Rektor aytgan gaplar ko‘plab o‘zbekistonliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Rossiya TIV bayonotidan so‘ng bu qo‘llov yanada kuchaydi. Ayni vaqtda, Sherzodxon Qudratxo‘janing o‘zbek tili roli va nufuzini oshirish yo‘lidagi qayg‘urishini olqishlasak ham, u keltirgan argumentlar va ularni qanday aytganligi jamiyatni turli lagerlarga bo‘lib yuborganini ham qayd etish joiz. Bunday bo‘linishga esa, ayniqsa oldimizda zamonaviy tahdidlar turgan bir paytda, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

O‘zbek tilining jozibadorligi bilan bog‘liq barcha muammolar, avvalo, shu til egalariga bog‘liq muammo ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Bu o‘zbek tilini bilmaydiganlarning aybi emas. Rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, koreys yoki boshqa elatga mansub VATANDOSHLARIMIZGA: “Shuncha yil O‘zbekistonda yashab, nega o‘zbek tilini bilmaysiz?”, degandan ko‘ra, o‘zimizdan: “Ozbek tilini o‘rganish uchun qanday sharoitlar va rag‘batlar yaratdik?”, deb so‘rashimiz kerak. Balki shu tariqa masala yechimiga tezroq yetib borarmiz. Men muammo paydo bo‘lgan joyda unga yechim topish mas’uliyatini o‘z zimmamizga olish tarafdoriman.

Yechimni, masalan, xulq-atvor iqtisodiyotidan topsa ham bo‘ladi. Unga ko‘ra, to‘g‘ri rag‘batlar yaratilganda, odamlar o‘z qarashlari yoki harakatlarini o‘zgartirishi mumkin. Bunga muhitni maqsadga moslashtirish orqali erishish mumkin — masalan, tilni o‘rganishga muhit undashi kabi.

Harbiy xizmatda bo‘lgan rusiyzabon hamyurtlarimiz xizmat davomida o‘zbekchani o‘rganib olgani haqida ko‘p eshitganmiz. Nega shunday bo‘lishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Chunki bunda muhit o‘z ishini qiladi. Oliy ta’limda yoki mehnat jamoalarida ham til shunday o‘rganiladi.

Shu o‘rinda e’tiboringizni “Ko‘rinmas qo‘l” Telegram-kanali muallifining fikrlariga qaratmoqchiman. U o‘zbek tilining jozibadorligini uni o‘rganish orqali ochiladigan imkoniyatlar va tilni o‘rganish xarajatlari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishni taklif qiladi. Muallifga ko‘ra, imkoniyatlarga o‘zbek tilini o‘rganganda topiladigan qo‘shimcha daromad va o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan axborot hajmi (kitob, kino, musiqa va boshqalar) kiradi. Xarajatlar esa tilni o‘rganish uchun materiallarning yetarliligi, ularning sifati va xamyonbopligidan iborat.

“Agar biz o‘zbek tilini ko‘proq odam o‘rganishini xohlasak, uning jozibadorligi haqida fikr yuritishimiz kerak”, — deydi u. Bunga esa imkoniyatlarni oshirish va o‘rganish xarajatini pasaytirish orqali erishiladi.

Keling, bir narsani tan olaylik — so‘nggi o‘nlab yillar davomida til bo‘yicha rag‘batlar aksiga ishlasa ishladi-ki, lekin o‘zbek tilini o‘rganishga undagani yo‘q. Masalan, farzandini, ma’lum bir sabablarga ko‘ra, hali ham rus tilida ta’lim beriladigan bog‘cha yo maktabga yuboradiganlar bor. So‘nggi yillarda ko‘pchilik bolasining yoshligidan ingliz va boshqa chet tillarni o‘rganishiga harakat qilmoqda.

Rag‘batlar yaratish kerakligi haqida jurnalist Qahramon Aslanov ham juda muhim fikrni bildirdi: “Mahalliy tilni o‘rganish ehtiyoji bo‘lishi kerak. Birlamchi til o‘zbek tili bo‘lishi kerak. Faqat o‘zbek tilini biladigan odam qiynalmasligi kerak. Bo‘ldi. O‘zbek tilini bilmaydigan odamga „o‘zbekchani o‘rganasan“ degan talabni qo‘yish, uni bilmagani uchun ayblash — noto‘g‘ri”.

Kimdir: “Maktablarda boshlang‘ich sinfdan boshlab o‘zbek tili o‘rgatiladi-ku”, deyishi mumkin. Qizig‘i, istalgan boshqa masalaga kelganda xuddi shu maktab ta’limining son-sanoqsiz kamchiliklarini sanab bera olamiz. O‘zimiz ishonmay qo‘ygan, doimo tanqid qilib keladigan tizim o‘zbek tilini ham yaxshi o‘rgatib qo‘ya olmasligi xayolimizga ham kelmaydi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi mustaqillikdan avval berilgan bo‘lsa-da, yaqin-yaqingacha ham davlat idoralarida rasmiy hujjatlar avval rus tilida tayyorlanib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilinardi. O‘zbek tilida kitoblar chop etilishiga yetarlicha e’tibor qaratilmasdi, ona tilimizda sifatli ilmiy izlanishlar yetishmovchiligi haligacha seziladi.

Yaqin vaqtgacha O‘zbekiston bilan hamkorlik qiluvchi xalqaro tashkilotlar muhim hisobotlari yoki hukumat uchun siyosiy maslahatlarini asosan ingliz va rus tilida tayyorlardi. Vaholanki, bu hisobotlar butun jamoatchilik uchun muhim bilimlar to‘planmasi.

O‘zbek tilini mustaqil o‘rganish imkonini beruvchi yaxshi darslik yoki mutaxassislar ham deyarli yo‘q edi. Kimdir: “Chunki ularga talab bo‘lmagan-da”, deyishi mumkin, lekin bunday talab aynan til jozibadorligi yuqori bo‘lgan muhitda paydo bo‘ladi. So‘nggi yillarda paydo bo‘lgan til kurslari (jumladan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Ibrat farzandlari” kabi onlayn-loyihalar ham) va til o‘qituvchilari bu vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatiga ega.

Yaqinda o‘zbek tilini o‘rganish uchun onlayn-kurslar tayyorlagan Saida Rashidovani ko‘chada katta yoshdagi rus ayol to‘xtatib, darslari uchun minnatdorlik bildirganiga guvoh bo‘lgandim. Ayol ko‘p yillardan beri o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lgani, lekin buning uchun yaxshi kurs topa olmaganini ta’kidlagan edi.

Odamlarni tilni bilmagani uchun uyaltirish — tilni taraqqiy ettirish, ommalashtirish yo‘lidagi muhim muammolarni tan olish va ularni hal qilishga kirishishdan ko‘ra ancha oson, albatta. Ammo tilni o‘rganish uchun muhit yaratilmasa, sifatli mutaxassislar tayyorlanmasa va maktabdan boshlab barcha bo‘g‘inlarda til yaxshi o‘qitilmasa, “o‘zbek tilini bilmagan yo bosqinchi, yo ahmoq” qabilidagi fikrlar bilan o‘zbek tilini o‘rganishni talab qilish qanchalik adolatdan o‘zi?

Haqiqiy islohotlarni, o‘zbek tili jozibador va haqiqatda davlat tili darajasiga ko‘tarilishini chin dildan xohlaydigan jamiyat uni rivojlantirish mas’uliyatini birinchi navbatda o‘z zimmasiga olishi lozim. Yaxshi maqsadlarni ko‘zlab aytilgan ba’zi fikrlar esa jamiyatni ikkiga bo‘lishi va ixtilof yasashga xizmat qilishi mumkin.