14-fevral kuni O‘zbekistonning Moskvadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, deb xabar bermoqda Rossiya TIV matbuot xizmati.

Vazirlik O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘janing Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda yashab, o‘zbek tilini bilmaydiganlar “bosqinchi” yoki “ahmoq” ekanini o‘zlari hal qilishi kerakligi haqidagi so‘zlarini “o‘ta haqoratli va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” deb topib, elchiga norozilik bildirdi.

Bu kabi mulohazalarning mazmuni va ohangi Rossiya va O‘zbekistonni bog‘lab turgan va mamlakatlarimiz rahbarlarining 2023-yil oktabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi natijasida yanada izchil rivojlanib borayotgan chuqur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga mutlaqo zid, deyiladi xabarda.

TIV bayonotida ta’kidlanishicha, do‘st va ittifoqdosh O‘zbekiston aholisining mutlaq ko‘pchiligi Sherzod Qudratxo‘janing fikriga qo‘shilmasligiga ishonch bildirildi.

Biz bu arbobning bayonotini respublikamizning ko‘p millatli xalqining kayfiyati bilan hech qanday bog‘lamaymiz. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda, xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi, ular ham ko‘p asrlik umumiy tariximiz va uning yorqin sahifalarini, jumladan, birinchi navbatda, fashizmga qarshi birgalikda olib borilgan kurash va fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan Buyuk g‘alaba xotirasini avaylab-asraydi, deya so‘z boradi unda.

Xalqlarimiz birgalikdagi mehnat orqali umumiy Vatan — SSSRni barpo etgani, bu yerda har bir kishi o‘zining asl madaniyatini asrab-avaylash va rivojlantirish, rus va milliy tillarda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, rus tili ko‘p qirrali millatlararo muloqot tili sifatida o‘ziga xos birlashtiruvchi rol o‘ynadi, deyiladi TIV bayonotida.

Bugungi kunda Rossiya va O‘zbekiston teng huquqlilik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillari asosida, umumiy tarixning shonli sahifalariga tayangan holda, suveren mustaqil davlatlar sifatida munosabatlarini rivojlantirmoqda. Shubhasiz, “muallif” asossiz ravishda bahslashmoqchi bo‘lgan “bosqinchilik” paytida bu kabi yutuqlarga erishish mumkin emasdi. Haqiqiy kolonial bosib olish qanday oqibatlarga olib kelishini esa G‘arb “qo‘l ostida” bo‘lgan Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasining ko‘plab mamlakatlari, Iroq, Suriya va Ukrainaning ayanchli misolida yaqqol ko‘rib turibmiz, deyiladi bayonotda.

“Ishonchimiz komilki, mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasida janjal keltirib chiqarish uchun ichkaridan yoki tashqaridan qilingan har qanday urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, — deya ta’kidladi vazirlik.

“Umid qilamizki, yaqin vaqt ichida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yuqori martabali shaxsning jirkanch bayonotlariga prinsipial baho berilgan rasmiy izoh beradi. Eslatib o‘tamiz, Rossiya axborot makonida O‘zbekistonga qarata uning siyosatiga zid bo‘lgan rezonansli mulohazalar paydo bo‘lganda, biz darhol rasmiy darajada ulardan uzoqlashdik”, — deya yakunlanadi bayonot.