Oq uy ma’muriyati o‘zining Yaqin Sharqdagi hamkorlari bilan Isroil va Falastin o‘rtasida uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish rejasini muhokama qilmoqda, deya xabar berdi The Washington Post (WP). Reja Falastin davlatini yaratishning “aniq muddatlarini” o‘z ichiga olishi ta’kidlangan.

Nashrning AQSh va arab mamlakatlari rasmiylariga tayanib yozishicha, muhokama qilinayotgan rejada uni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki qadamlarga vaqt bo‘lishi uchun G‘azo sektorida olti hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatish nazarda tutiladi. The Washington Post Bayden ma’muriyati takliflari sifatida quyidagilarni sanagan:

  • G‘arbiy Sohildan yahudiy manzilnohlarida yashovchi aholini evakuatsiya qilish;
  • Sharqiy Quddusda Falastin davlatining poytaxtini yaratish;
  • G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi Falastin ma’muriyatlarini birlashtirish.

Bundan tashqari, nashrning qayd etishicha, ushbu rejaning bir qismi sifatida Isroilga “rad etish qiyin” bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari va Saudiya Arabistoni va boshqa arab davlatlari bilan munosabatlarni normallashtirish taklif qilinishiga “umid bor”.

The Washington Post suhbatdoshlaridan biri Oq uy erishmoqchi bo‘lgan kelishuvning “asosiy nuqtasi” sifatida XAMAS asirga olgan isroilliklarning ozod etilishini keltirgan.