Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) fevral oyidagi reytingida 1376,5 ball bilan ikki pog‘onaga — 68-o‘rindan 66-o‘ringa ko‘tarildi.

21-dekabrdan 15-fevralga qadar milliy terma jamoa o‘rtoqlik va mashg‘ulot o‘yinida Qirg‘iziston (4:1) va Falastin (1:0) termalarini mag‘lub etgandi. Shuningdek, Osiyo kubogi doirasida Suriya (0:0) va Avstraliya (1:1) bilan durang o‘ynadi, Hindiston (3:0) va Tailandni (2:1) mag‘lub etdi, chorak finalda Qatar bilan asosiy vaqtda 1:1 hisobini qayd etdi, ammo penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi (2:3).

fifa, futbol

Milliy terma jamoa Osiyo reytingida 8-o‘ringa ko‘tarilib, BAAni (69) ortda qoldirdi. Osiyoning eng kuchli 10 ta terma jamoasi qatoriga, shuningdek, Yaponiya (dunyoda 18-o‘rin), Eron (20), Janubiy Koreya (22), Avstraliya (23), Qatar (58-o‘rindan 37-o‘ringa ko‘tarildi), Saudiya Arabistoni (53), Iroq (59) va Iordaniya (70) kiradi.

Jahon reytingida peshqadamlar o‘zgarmadi: jahon chempioni Argentina terma jamoasi birinchi o‘rinda (1855,2 ochko), Fransiya terma jamoasi ikkinchi o‘rinda (1845,44). Kuchli uchlikni Angliya terma jamoasi yakunlab bergan (1800,05).