14-fevral kuni “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi [O‘RQ-907-sonli] qonun prezident tomonidan imzolandi. Uning to‘liq bayoni bilan mazkur havolada tanishish mumkin.

Unga ko‘ra, davlat mulkini xususiylashtirish quyidagi usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi:

  • auksion;
  • tanlov savdolari;
  • muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish;
  • raqobatga asoslangan muloqot;
  • birja savdolari;
  • davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini mulkiy majmua tarzida xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
  • davlat ulushlarini va davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
  • davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan ijaraga berish.

Shuningdek, quyidagi davlat mulki obyektlari xususiylashtiriladi:

  • davlat ko‘chmas mulk obyektlari;
  • davlat ulushlari (aksiyalari, ulushlari);
  • davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari.

Davlat mulki to‘liq yoki qisman xususiylashtirilishi mumkin. Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirilmaydigan davlat mulki bundan mustasno.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Xususiylashtiriladigan davlat mulkining boshlang‘ich narxi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan belgilanadi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturining kechikayotganini tanqid qilgandi. O‘shanda 2024-yilda xususiylashtirish hisobiga davlat budjetiga 20 trillion so‘m tushum kelishi kutilayotgani haqida so‘z borgandi.