16−18-fevral kunlari O‘zbekiston bo‘ylab havo haroratining keskin pasayishi va joylarda harorat kunduzi −3…−8 daraja, kechasi −11…−16 darajagacha sovuq bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Shu munosabat bilan “Hududgazta’minot” bir qancha choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Xususan, sovuq kunlarda gaz iste’molining ortishi munosabati bilan, AGTKSHlarda navbatlar va noqulayliklar yuzaga kelishini oldini olish maqsadida “Hududgazta’minot” haydovchilardan o‘z avtomobillarini yonilg‘i bilan ta’minlab olishlarini so‘radi. “Ayni vaqtda mamlakatdagi barcha AGTKSHlar 24 soatlik rejimda faoliyat yuritmoqda, biroq yaqin orada mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda ularning ish grafigiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

“Hududgazta’minot”, shuningdek, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi. Jamiyat iste’molchilarga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish maqsadida respublika bo‘yicha 262 ta avariya brigadalarini shay holatga keltirganini qayd etdi.

Havo harorati pasaygan davrda iste’molchilarga tabiiy gazdan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish, isitish moslamalari va ovqat tayyorlash jarayonida gaz plitalarini qarovsiz qoldirmaslik, ventilyatsiya tizimiga alohida e’tibor berish zarurligi, shuningdek, is gazidan zaharlanish xavfini oldini olish uchun nostandart isitish uskunalari va qo‘lbola yondirgichlardan foydalanmaslikni eslatib o‘tildi.

Shu bilan birga, “Hududgazta’minot” AJ fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o‘chirishni, gaz jihozlari ishlab turgan xonalarda dam olishga yo‘l qo‘ymaslikni va chiroqni yoqishdan oldin gaz hidi yo‘qligiga ishonch hosil qilib, u aniqlangan holda gaz xizmatiga murojaat qilishni so‘radi.

“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligini eslatib o‘tadi. To‘lovlarni tuman gaz ta’minoti bo‘limlari va joylarda tashkil etilgan bank filiallarida, shuningdek, barcha to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.

“Barcha takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni 1104 telefon raqamiga, gaz sizib chiqishi holatlari va boshqa texnik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlarni 104 raqamiga qoldirish mumkin”, — deyiladi xabarda.