Demokratik partiya nazoratidagi AQSh Senati (parlamentning yuqori palatasi) Ukraina, Tayvan va Isroilga 95 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Hujjatni 70 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 29 nafari esa qarshi ovoz berdi. Qonun loyihasi quyidagilar uchun mablag‘ ajratishni nazarda tutadi:

  • Ukrainaga 60,1 milliard dollarlik yordam;
  • Isroilni qo‘llab-quvvatlash uchun 14,1 milliard dollar;
  • G‘azo, Ukraina va boshqa mojaro zonalaridagi tinch aholiga insonparvarlik yordami uchun 9,1 milliard dollar;
  • Hind-Tinch okeani mintaqasidagi sheriklarni, jumladan, Tayvanni qo‘llab-quvvatlash uchun 4,8 milliard dollar.

Endi qonun loyihasini Respublikachilar partiyasi nazorat qiladigan Vakillar palatasi (quyi palata) ko‘rib chiqadi. Palata spikeri Mayk Jonson allaqachon uni ovozga qo‘ymasligini aytdi, chunki loyihadan AQShning Meksika bilan chegarasini mustahkamlash budjeti chiqarib tashlangan edi, deb yozadi The Hill.

“Senat AQShning janubiy chegarasini himoya qilish bo‘yicha hech qanday o‘zgartirish kirita olmasa, Vakillar palatasi ushbu muhim masalalar ustida mustaqil ishlashni davom ettirishga majbur bo‘ladi”, — dedi Jonson. Shu bilan birga, avvalroq uning o‘zi qonun loyihasini alohida paketlarga bo‘lish taklifini bildirgan edi, deya qayd etadi Reuters.

O‘tgan hafta Senat respublikachilari Ukraina va Isroilga yordam ko‘rsatishdan tashqari, AQShning Meksika bilan chegarasida xavfsizlikni kuchaytirish mablag‘larini ham o‘z ichiga olgan qonun loyihasini ko‘rib chiqishga qarshilik qilgandi. Ushbu maqsadlar uchun 20 milliard dollar ajratish rejalashtirilgan edi. Demokratlarning ta’kidlashicha, respublikachilar bu masalani saylovoldi kampaniyasining markaziy mavzusiga aylantirayotgan Donald Trampning bosimiga og‘ishmoqda, deb yozadi CNN.

  • AQSh Kongressi o‘tgan yildan beri Ukrainaga yordam berishni ma’qullay olmayapti. Kiyevga 250 million dollarlik harbiy yordamning oxirgi paketi dekabr oyi so‘nggida ajratilgan edi. Oq uy qurol-yarog‘larning yangi paketini jo‘natish uchun Kongress roziligini talab qilishi haqida ogohlantirgan.
  • Avvalroq New York Times amerikalik rasmiylarning hisob-kitoblariga tayanib, yangi paket yetkazib berilmasa, Ukraina havo mudofaasining snaryadlari faqat 2024-yilning martigacha yetishini yozgan edi. Bundan tashqari, Amerika yordamisiz yoz boshiga kelib, Ukraina qurolli kuchlari hujumlarni qaytarishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.