11-yanvar kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida fermer xo‘jaligi xodimi 42 tup daraxtni noqonuniy kesgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi.

Daraxtlar tumanning “Baxmal” hududida joylashgan Yuvest tog‘ fermer xo‘jaligining dala maydoni chetiga ihota maqsadida ekilgan va o‘sishdan to‘xtamagan qayrag‘ochlar bo‘lgan.

O‘rganishlar davomida ularni 36 yoshli fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi J.J tomonidan kesib olingani ma’lum bo‘lgan. Buning oqibatida o‘simlik dunyosiga 224 million 400 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Paxtakor tumani prokuraturasining qaroriga ko‘ra, fuqaro J.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.