Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (XTMQI) va boshqa hamkorlar, jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 13-fevral kuni Markaziy Osiyoda zoonozlar (hayvonlardan odamlarga tabiiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar) xavfini kamaytirishga qaratilgan “Markaziy Osiyoda yagona salomatlik” tashabbusini boshladi. Bu haqda XTMQI matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Yangi tashabbus Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishida e’lon qilindi.

11 million yevrolik mintaqaviy loyiha olti yil davomida amalga oshiriladi. Tashabbusning to‘liq nomi — “Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali landshaftning zoonoz kasalliklarning paydo bo‘lishiga chidamliligini oshirish”. Loyihadagi harakatlar inson, hayvonlar va atrof-muhit salomatligining kesishuviga qaratilgan bo‘lib, murakkab muammolarni hal qilishda yaxlit yondashuv zarurligini ta’kidlaydi.

“Yashash muhitining buzilishi biologik xilma-xillik yo‘qolishining asosiy sababidir. Inson salomatligi uchun yovvoyi hayvonlarni ekspluatatsiya qilish va yashash joylarini yo‘q qilish bilan bog‘liq ko‘plab xavflar mavjud. „Yagona salomatlik“ yondashuvi Markaziy Osiyo uchun muhim, chunki yovvoyi hayvonlar, chorva mollari, odamlar hamda ularning ekotizimlari salomatligi o‘zaro bog‘liq”, — deydi Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiyaning ijrochi kotibi Emi Frenkel.

XTMQI loyiha orqali tabiat hududlari va qo‘riqlanadigan mintaqalarning mintaqaviy tarmog‘ini yaratish, kasallik xavfini kamaytirish uchun yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va boshqarishni kuchaytirish, zoonoz kasalliklarni tadqiq qilish va texnologiya sohasidagi so‘nggi yutuqlarni ilgari surish ustida ish olib boradi.

“Sog‘liqni saqlash va atrof-muhit o‘rtasidagi bog‘liqlik muhim ahamiyatga ega. Tabiiy yashash joylari va biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan sa’y-harakatlar ekotizim muvozanatini ushlash, yovvoyi tabiatning sog‘lom populyatsiyasini rag‘batlantirish va zoonoz kasalliklar xavfini kamaytirishning kalitidir”, — dedi XTMQI bosh direktori Gretel Agilar.

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval O‘zbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining vakolatxonasi ochilgani haqida ham xabar berilgan edi. U yangi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da joylashgan.