O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamkorligida Turkistondagi jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi davom etmoqda.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, ko‘rgazmada XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Turkiston hayoti va jadidlar faoliyatiga doir materiallar namoyishga qo‘yilgan.

Mass-media fondi direktori Akramjon Fozilovning ta’kidlashicha, “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi O‘zbekiston tarixining jadidchilik bilan bog‘liq sahifalarini o‘rganishga xizmat qiladi.

jadidchilik, jadidlar, ko‘rgazma

Akramjon Fozilov.

“Ko‘rgazmada 20 dan ortiq orginal eksponatlar mavjud. Bundan tashqari, turli suratlar ishlangan, daraxt va shu kabi boshqa ko‘rinishdagi maxsus materiallardan ham foydalanilgan. E’tibor faqatgina eksponatlarga emas, balki o‘sha davr ruhini aks ettirishga, jadidlarning g‘oyalarini maksimal yetkazishga qaratilgan, — deydi Akramjon Fozilov.

Ko‘rgazma kuratori Maqsud Asqarovning aytishicha, ko‘rgazmadan jami 42 ta eksponat o‘rin olgan. Ularning barchasi XIX asr oxiri va XX asr boshlariga oid etnografik eskponatlar hisoblanadi.

Maqsud Asqarov.Maqsud Asqarov.

“11 ta eksponat Fitrat va Cho‘lponga taalluqli bo‘lib, ular jadidlarning avlodlarni tomonidan taqdim etildi. Shuningdek, Fitrat va Behbudiyning 1912-yildan boshlab yozgan darsliklari, jurnallari va o‘quv qo‘llanmalari ham ko‘rgazmaga kiritilgan”, — dedi u.

Maqsud Asqarovning qayd etishicha, ushbu ko‘rgazma dastlab 2023-yil 11−12-dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida tashkil etilgan bo‘lib, endi keng jamoatchilikka ko‘rsatilmoqda.

“Uch yil oldin „Xotira so‘qmoqlari“ loyihasini yo‘lga qo‘ygan edik. O‘tgan vaqt davomida Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda Abdurauf Fitratning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalarni tashkillashtirdik. Mazkur loyihani 1937−1938-yillarda biz uchun kitobdek yopilgan jadidlarning hayoti va faoliyati, ularning fikrlarini ommalashtirish hamda ruhan anglash maqsadida boshlagandik”, — deydi Asqarov.

Toshkentda 2023-yil dekabrida o‘tkazilgan konferensiya oldidan Mass-media fondi rahbariyati “Xotira so‘qmoqlari” doirasida qo‘yilgan ko‘rgazmalarni birlashtirgan holatda yangi ko‘rgazma tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan. “Ko‘rgazma dastlab Kongress-hollda konferensiya qatnashchilariga namoyish etildi. Yanvarda esa keng ommaga ko‘rsatish uchun Tasviriy san’at galereyasiga ko‘chirdik”, — deydi namoyish kuratori.

Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo mustaqillikning dastlabki yillarida jadidchilik harakati maktabda o‘qitilmaganini, bu mavzu haqida ochiq-oydin gapirish boshlanganiga “endi yetti yil bo‘lgani"ni, bunday ko‘rgazmalar yoshlar uchun foydali ekanini aytib o‘tdi.

“Men bu ko‘rgazmani ko‘rganda xayron bo‘lmayman, bularning hammasini tarixdan bilaman. Lekin yoshlarimiz bu yerga kelganda ular uchun yangilik bo‘lib ham tuyulishi mumkin, bu tabiiy holat. Chunki biz hali jadidchilik harakatini keng ko‘lamda odamlarga yetkazib berganimiz yo‘q. Sizlar jadidchilik harakati haqida maktabda darsliklarda o‘qiganmisizlar? Yo‘q. Mustaqillik yillarida bu ishni qilganimiz yo‘q-ku, tarixiy, diniy va madaniy meroslarimizni ko‘targanimiz yo‘q-ku. Bu haqda ochiq-oydin gapirganimizga endi yetti yil bo‘ldi, to‘g‘rimi? Bu ko‘rgazmaning eng katta amaliy ahamiyati shundaki, odamlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ko‘rib, o‘zlariga savol bersin”, — dedi akademik.

“Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi Tasviriy san’at galereyasida 18-fevralga qadar davom etadi.