O‘zbekistonda maktab darslariga qatnashmayotgan bolalarning ota-onalariga o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar mavjudligi, ularning maktabga borishi uchun ota-onalar mas’uliyati haqida eslatma shaklidagi ogohlantirish xatlari yuborila boshlandi.

Bu ma’lumotni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ogohlantirish xati suratiga izoh berar ekan, tasdiqladi.

maktabлар, ta’lim, maktabgaча va maktab ta’limi vazirligi

Troll.uz kanali e’lon qilgan xat O‘zbekistonda bolalarning ta’lim-tarbiya olishi, har tomonlama komil inson bo‘lib yetishishi, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi uchun barcha sharoit yaratilgani bilan boshlanadi.

“Dunyoning boshqa mamlakatlarida uchramaydigan 11 yillik bepul majburiy ta’lim ham davlatimiz nazoratidadir. Ularning ta’lim olishlarini ta’minlashga ota-onalar mas’uldirlar. Bu yurtimizda qator qonun va hujjatlar bilan belgilab qo‘yilgan”, — deyiladi xatda.

Unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima, bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi keltirilgan.

Xatda ota-onalar o‘z zimmalariga yuklatilgan mas’uliyatni ado etishlari, farzandlarining maktabga borishiga jiddiy e’tibor qaratishlari talab etilgan. “Aks holda, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishingiz haqida qat’iy ogohlantiramiz!”, — deyiladi maktubda.

“Farzandingiz taqdiri va kelajagiga befarq bo‘lmang!” — degan so‘zlar bilan tugaydi xat.

Dilfuza Sobirova o‘z munosabatida Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtatini Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazish haqida e’lon qilganini eslatdi. Ularning asosiy vazifasi o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan ko‘maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat, — dedi u.

Farzandlari sababsiz uch va undan ortiq kun dars qoldirgan ota-onalarga zudlik bilan ogohlantirish xati yuboriladi.

“Bundan ko‘zlangan maqsad darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar oila a’zolarining mas’uliyati va javobgarligini oshirishdan iborat”, — dedi matbuot kotibi.

U Konstitutsiyaning 77-moddasi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 51-moddasini ham eslab o‘tdi. Birinchisida shunday deyiladi: “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur”.

Ikkinchisida ota-onalarning huquq va majburiyatlari ko‘rsatilgan. Unga quyidagilar kiradi:

  • o‘z bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ma’naviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi;
  • bolalarining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki boshlang‘ich professional ta’lim olishini ta’minlashi;
  • bolalarining o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishini ta’minlash va o‘zlashtirishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • o‘z bolalarining intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
  • ta’lim tashkilotining ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi ichki tartib-qoidalariga rioya etishi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudda maxsus vakolatlarsiz o‘z bolalarining ta’lim sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
  • ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.

Bir necha kun avval prezident bilan uchrashuvdan so‘ng Milliy gvardiya maktabdagi davomat muammosini hal qilish bilan shug‘ullanishi xabar qilingandi. Xodimlarning o‘quvchilar va o‘qituvchilarni mas’uliyat haqida ogohlantirayotgani aks etgan videolar internetda paydo bo‘lib, aholining savollariga sabab bo‘ldi. “Gazeta.uz” Ta’lim vazirligi va Milliy gvardiya vakillarining fikrlarini bir yerga to‘plagan.