Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni 2024-yilda amalga oshirish mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Beshta muhim soha — transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi islohotlar ko‘rib chiqildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga daromadni esa 4 ming dollarga yetkazish maqsadiga erishish uchun iqtisodiyotdagi transformatsiya jarayonlarini davom ettirish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymatni ta’minlash zarur, dedi prezident.

Transport imkoniyatlaridan foydalanish iqtisodiyotni rivojlantirishning bosh omillaridan biridir, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Samarali boshqaruv uchun aeroportlarni xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliyotni davom ettirgan holda Uzbekistan Airports va Uzbekistan airways kompaniyalari transformatsiyasini jadallashtirish zarur, dedi u. Misol tariqasida Samarqand aeroportini keltirish mumkin.

O‘zbekiston hududlarida moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, masofaviy ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun ularni sifatli internet bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega, qayd etdi prezident.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, keyingi yetti yilda mamlakatda aholisi 300 ming nafardan ortiq bo‘lgan shahar va tumanlar soni hozirgi 13 tadan 28 taga ko‘payadi.

“Ayrim shahar va shaharchalarning bosh rejalari yo‘qligi sababli faqat eniga kengaymoqda. Bu infratuzilma xarajatlari oshishiga va qishloq xo‘jaligi yerlari kamayishiga olib kelmoqda. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha konsepsiya va qonun ishlab chiqishga ehtiyoj bor”, — deyiladi xabarda.

Qulay biznes muhitini yaratish uchun yo‘l, ichimlik suvi, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda davlat-xususiy sheriklik qoidalarini aniq belgilash zarur.

Shuningdek, davlatning ayrim funksiyalarini, jumladan, hududlarni obodonlashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarishni xususiy sektorga o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq yechimlar zarurligini ta’kidladi.

Mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun barqaror energiya ta’minoti zarur. Yaqin yillarda energiyaga bo‘lgan ehtiyoj kamida 1,5 barobar ortadi, deyiladi taqdimotda. Ayrim tarmoqlarda energiya sarfi hamon yuqori, dedi prezident.

Davlat rahbari investorlar uchun huquqiy asos va mustahkam kafolatlar yaratish muhimligini ta’kidladi.

“2024-yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning barcha jarayonlarini yakunlab, 2025-yilda milliy iqtisodiyotimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishimiz shart”, — dedi prezident.

Mamlakatning barcha ilmiy-tadqiqot institutlarini islohotlar jarayoniga jalb etish, keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash vazifasi topshirildi.