Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov tanishtirdi.

Taklif etilayotgan ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 17−1 moddasi 1-qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilib, jismoniy va yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan transport vositalaridan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan taqdirda, transport vositalarini fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanish huquqini olgan, hamda ushbu transport vositalaridan foydalanayotgan shaxslarning o‘zlari ma’muriy javobgarlikka tortilishini belgilash nazarda tutilmoqda.

Bunda endi yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori emas, transport vositasini amalda boshqargan shaxs (ijaraga berilgan shaxslar, yaqin qarindoshlar va boshqa shaxslar) javobgarlikka tortiladi.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lganlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan bir baravari miqdoriga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Nosozligi bo‘lgan transport vositalarini yo‘lga chiqarish va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorini BHMning uch baravaridan ikki baravarigacha kamaytirish belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasidagi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalangan shaxs tortilishiga oid norma muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Deputatlar muhokamasi

Mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish taklif etildi. Ammo deputatlar tomonidan ushbu normaga doir turli fikrlar bildirilib, korrupsiya holatlari kelib chiqishi mumkinligi qayd etildi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov (o‘rtada)Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov (o‘rtada)

Xususan, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov fuqarolik-huquqiy tartib iborasiga e’tiroz bildirdi.

“Fuqarolik-huquqiy tartib nima degani? Fuqarolik kodeksida ochib berilganmi o‘zi bu? Qanday tushuniladi”, — deya savol yo‘lladi spiker.

“Masalan, meni mashinam bor, men mulkdorman. Lekin boshqa shaxsga mashinamni fuqarolik-huquqiy tuzib, buni minish uchun emas, balki uni texnik ko‘rikdan o‘tkazishda yoki uni sotishda yohud kimgadir ijaraga berish huquqini berishim mumkin. Lekin fotoradarga tushib qoldi. U transport vositasini boshqargan emas. Lekin sizlar hozir bemalol ma’muriy javobgarlikka tortishinglar mumkin. Agar haqiqatdan ijaraga oluvchi qoidani buzgan bo‘lsa javobgarlikka tortishinglar to‘g‘ri bo‘ladi, lekin „yoki“ degan so‘z ishlatyapsizlar. Sizlar mulkdorni ham [javobgarlikka] tortib qo‘yishinglar mumkin bo‘lyapti”, — dedi Ismoilov.

deputatlar, qonun muhokamasi, qonunчилик palatasi

Deputat Ilhom Abdullayev ushbu norma kiritilishidan avval yuzni aniqlaydigan texnologiyalarni keng joriy etilishi, undan so‘ng esa qoida buzgan transport vositasining haydovchisini aniqlay olish mumkinligini ta’kidladi.

“Umuman olganda bu qonun yo‘l-harakati tartibotini yaxshilaydi. Lekin ayni shu moddaga (17−1 moddasi — tahr.) deputatlar e’tiroz bildirishdi. Qanday qilib aybi isbotlanmagan shaxsni jazolash mumkin? Qachonki yuzni tanish texnologiyalari joriy qilsakgina, jarimalar aynan qoidabuzarlik vaqtida rulda bo‘lgan shaxsga keladi. Butun dunyoda shunday ishlaydi. Bizning [Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi] kodeksimizda biron narsada aniq aybdor shaxs jazolanadi yoki unga jarima keladi. Lekin hech qachon hech nima qilmay, shunchaki mulkdor bo‘lganingiz uchun sizga jarima solinishi mumkin emas”, — dedi deputat.

“Qonunda yoki bunga yoki unga jarima solamiz deyilgan, kimga jarima solish aniq yozilmagan. Kimga jarima solish mumkin bo‘lsa o‘shani topamiz — mana qonun nima haqda. Yuridik nuqtayi nazardan qonun juda savodsizlarcha yozilgan va bu yomon oqibatlarga olib keladi”, — deya so‘zini yakunladi Ilhom Abdullayev.

deputatlar, qonun muhokamasi, qonunчилик palatasi

Deputat Doniyor G‘aniyev esa bu norma juda zarur ekanini ta’kidladi.

“Bu asli ancha oldin qilinishi kerak bo‘lgan narsa edi, to‘g‘ri qadam. Asosiy huquqbuzarliklar tezlikni oshirishga oid huquqbuzarliklarga oid. Ya’ni uni faqatgina o‘sha mahal huquqbuzar avtomobilni boshqarayotgan haydovchi hisoblanadi, mulkdori hisoblanmaydi. Ehtimol borki, 90 yashar kampirni nomida mashina bor. Hozir jarimalar uni nomiga kelyapti. Birinchidan, bu mantiqsiz. Ikkinchidan, ballik tizimga o‘tish to‘g‘risida muhokamada turgan qonun bor. U qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, biz jarima ballarini joriy etyapmiz. Unga ko‘ra jarima ballari yil davomida to‘planib boradida, 12 balldan oshsa [shaxsni] haydovchilik huquqidan mahrum qiladi. Shu nuqtai nazardan huquqbuzarlikni kim sodir etgan bo‘lsa, o‘sha jazoga tortilishi kerak. Ertaga deylik mulkdorni o‘zining haydovchilik guvohnomasi yo‘q, bu holatda qanday qilib biz ball tizimini qo‘llaymiz. Yoki deylik boshqarayotgan odamda yetarlicha ball borda unga qo‘shimcha ball qo‘llab haydovchilik huquqidan mahrum qilsada, lekin u mulkdorni nomiga ketsa. Shu nuqtai nazardan bu qonun juda kerak”, — dedi deputat.

Spiker Nurdinjon Ismoilov qonundagi “jarima haydovchiga yoki mulkdorga” jo‘natilishi iborasi korrupsiyaga yo‘l ochib berishini qayd etdi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish jarayonida deputatlarning 53 nafari qonun qabul qilish tarafdori bo‘ldi, 30 nafari qarshi, 21 nafari betaraf bo‘ldi. 10 nafari esa ovoz bermadi. Qonun yetarli ovoz to‘plamagani tufayli rad etildi.

deputatlar, qonun muhokamasi, qonunчилик palatasi

2022-yil Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov “Gazeta.uz”ning avtomobil ijara asosida boshqarilganda qoidabuzarlik sodir bo‘lsa, jarima ballari kimga yozilishi haqidagi savoliga quyidagicha javob bergandi:

“Yaratilayotgan mobil ilovaga avtomobil egasi va uni ishonchnoma orqali (ijara asosida) kim boshqarayotgani haqida to‘liq ma’lumotlar kiritiladi. Qoidabuzarlikni ijara asosida avtomobil haydayotgan shaxs buzsa, lekin jarima bali transport egasiga yozilgan taqdirda tomonlar qoidabuzarlikni kim sodir etgani haqida tegishli hujjatlarni taqdim etadi, shundan so‘ng jarima ballari qoidani buzgan shaxs nomiga yoziladi”, — degandi Saidov.