O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Minerva city loyihasidan qaytarilgan yerlar boshqa investorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishiga qarshiligini bildirib, yer maydonlari faqat ochiq auksionlar orqali sotilishi tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Avvalroq Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov Minerva city majmuasi uchun ajratilgan 100 gektar yer maydoni sud qaroriga ko‘ra davlatga qaytarilgani va uning negizida xitoylik investor ishtirokida 35−40 ming fuqaro yashaydigan majmua qurilishi haqida gapirgandi.

“Joyning o‘rnida nima bo‘ladi, degan savolga kelsak, Xitoyga borganda buni investorlarga ko‘rsatdik. Unga pul tikaman degan investor bor. Taxminan 96−100 gektar joyda uy-joy bo‘ladi. 35−40 ming fuqaro yashaydigan xonadonlar tushishi reja qilinmoqda. Uning ichida barcha xizmat ko‘rsatish obyektlari bo‘ladi. Hali u darajaga yetmagan bo‘lsak ham, uning yoniga bir universitet olib kelmoqchimiz. Bizning tumanda ham bitta oliygoh bo‘lsa, tumanda ziyolilar soni ko‘payadi”, — dedi tuman hokimi.

Liberal-demokratik partiya ushbu 100 gektar yer maydonini:

  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri auksion savdolarisiz faqat bitta xorijiy investorga ajratish amaliyotidan voz kechish;
  • aniq loyihalarini ishlab chiqib, mazkur yer maydonini unda uy-joy komplekslari, maktab, bog‘cha va boshqa ijtimoiy obyektlarni qurish uchun alohida lotlarga ajratgan holda elektron onlayn auksion savdolarida realizatsiya qilish;
  • ochiq va shaffof tizim orqali mahalliy va xorijiy investorlarning teng imkoniyatlarda ishtirok etishini ta’minlash maqsadga muvofiq deb hisoblashini qayd etgan.

Hokimning yerga xitoylik tadbirkor investitsiya kiritmoqchi ekani haqidagi gapidan so‘ng blogerlar va jamoatchilik faollari orasida bu masala muhokamaga sabab bo‘ldi. Xususan, moliyachi Otabek Bakirov hokim aytgandek ish tutilsa, bu Minerva City kabi xatoning ikkinchi fasli bo‘lishini ta’kidladi.

“Gap amaldagi talablarni istisno qilib, auksionsiz, Bosh plansiz, bitta investorga 100 gektar yerni topshirishdagina emas, bitta investorga bog‘liq bo‘lib qolishda. Diversifikatsiya yo‘qligida, xatarlar to‘g‘ri baholanmayotganida. Aytaylik, o‘sha investor bilan Xitoy hukumati o‘rtasida muammo yuz bersa nima bo‘ladi, Xitoy banklari kredit bermay qo‘ysa-chi? Uy-joy bozorida sovish davom etayotgan Xitoyda retsessiya boshlansa-chi? Nazarimda, bu haqda o‘ylab ham ko‘rilmagan”, — deb yozdi u.

Otabek Bakirov mazkur hududni lotlarga bo‘lib, auksionga chiqarish to‘g‘ri qadam bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

“100 gektar yer borasida yer qonunchiligiga to‘liq amal qilgan holda, aytaylik, uni 50 ta lotga bo‘lib, auksionga chiqarish eng to‘g‘ri qadam bo‘ladi. Mayli, 40 ta lot uy joy uchun, 2 ta lot maktab uchun, 2 ta lot bog‘cha uchun, 2 ta lot universitet, 2 ta lot poliklinika, 2 ta lot klinika uchun bo‘lsin. Kerak bo‘lsa, yana bir lotda xususiy futbol klubiga egalik qilmoqchi bo‘lganlar tomonidan stadion qurilsin. Hammasi, bozor qoidalarida amalga oshirilsin. Kimgaki imtiyoz berilsa, bu faqat sotsial obyektlarga oid bo‘lsin. Nahotki, shunday qilish qiyin? Imkonsizmi yo bunga xohish yo‘qmi? Yoki xitoylik investor bilan kelishvolish osonroqmi?” — deb yozdi Otabek Bakirov.