Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 13-fevral kuni savdo va umumiy ovqatlanish korxona vakillari bilan bo‘lib o‘tgan seminarda 227−1 moddasi tadbirkorlarga qo‘llangan jarimalar miqdorining 98 foizi hisobdan chiqarilishini ma’lum qildi.

“227−1 moddasi bo‘yicha masala to‘liq yechildi, deb bemalol aytsak bo‘ladi. Bir-ikki kunda yaxshi xabarlar bo‘ladi. Hukumat darajasida ko‘rib chiqilgan narsa shuki, 227−1 moddada jarimalar bor edi, bu yerdagi tadbirkorlar orasida ham shu jarimaga uchraganlar bor. Mazkur modda bo‘yicha 100 foizlik jarima 2 foizga tushirildi. 100 foiz jarimaning 98 foizi to‘laganlarga qaytarib beriladi. To‘lamaganlardan faqat 2 foizi olinadi. Va kelajakda 227−1 bo‘yicha faqat 2 foiz jarima bo‘ladi”, — deya ta’kidladi SSP raisi.

Tadbirkorlarga qanday jarima qo‘llanilgandi?

227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yil 11-martdan kiritilgan va tasdiqlangandan keyin uch oy o‘tib — 13-iyundan kuchga kirdi. Modda quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
  • tovarlarni (alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, dori-darmonlar, maishiy texnika, 2024-yil 1-martdan — suv va ichimliklar) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar uchun identifikatsiyalash vositalari bilan majburiy raqamli markirovkalash qoidalari.

Ushbu talablar yoki tartib-qoidalarni buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Spot.uz`ning Soliq qo‘mitasiga tayanib xabar berishicha, o‘tgan yili ushbu modda bo‘yicha 254 ta, joriy yilda esa 1083 ta korxona jarimaga tortilgan.

Soliq maslahatchisi Gulnora Suyundikovaning aytishicha, soliq organlari savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini ichki hisob dasturlari sanaluvchi R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa tizimlardan foydalangani va ular nazorat-kassa mashinalari, ya’ni soliq organlari tizimi bilan integratsiya qilinmagani uchun jarimaga tortgan.

Ushbu jarimalar tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lganidan keyin Savdo-sanoat palatasida Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxobovlar hamda tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgandi. O‘sha uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari mazkur modda bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalar jami 400 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etishi va SSP ularning hisobdan chiqarish bo‘yicha prezident qarori loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, tashabbuskor Savdo-sanoat palatasi bo‘lib, Soliq qo‘mitasi taklifni qo‘llab-quvvatlagan.