Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qaror imzoladi.

Avval xabar qilganimizdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibiga Toshkent moliya instituti va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut qo‘shilmoqda. Yangi universitetga iqtisod fanlari doktori, professor, Toshkent moliya instituti rektori To‘lqin Zakirovich Teshabayev rahbar bo‘ldi.

Hujjat bilan yangi universitetning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berildi:

  • iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari bo‘yicha dunyodagi so‘nggi tendensiyalar, moliyaviy texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajriba va real iqtisodiyot talablarini hisobga olgan holda oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, ta’lim va tadqiqot uyg‘unligini ta’minlash orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilg‘or innovatsion ishlanmalar yaratish, talabalarda tizimli tahlil qilish, kreativ fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;
  • zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar va simulyatsion markazlar tashkil etish orqali “ta’lim -- fan — innovatsiya — raqamlashtirish” ekotizimini va sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini samarali yo‘lga qo‘yish;
  • iqtisodiyot, moliya va soliq sohalarini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;
  • jahon ta’lim va ilmiy makonida Universitetning nufuzini oshirish, yetakchi xorijiy universitetlar bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yo‘lga qo‘yish.

Toshkent moliya instituti va Fiskal institutda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi hamda 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.

Universitetda 2024−2025 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoni davlat tili, ingliz tili va boshqa xorijiy
tillarda olib boriladi, bakalavriat va magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida xorijiy tillarda o‘qitiladigan guruhlar tashkil etiladi.

Ta’lim dasturlari xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturi asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi.

Ta’lim jarayoniga yetakchi professor-o‘qituvchilar hamda tegishli sohalarda kamida 5 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan iqtisodiyot, moliya va soliq tizimlarida ishlagan mutaxassislar jalb etiladi.

Bundan tashqari, iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari bo‘yicha ishchi-xizmatchilarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Universitetga o‘qishga talabalarni qabul qilish 2024/2025 o‘quv yilidan boshlanadi. Shu bilan birga, davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilish davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida belgilanadi.

Universitet Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi universitet faoliyatini samarali tashkil etish, malaka talablarini ishlab chiqish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalarga amaliyot bazalarida sharoitlar yaratishda kadrlar buyurtmachisi sifatida ko‘maklashadi.

Hujjat bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kuzatuv kengashi tuzilib, unga bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.

тошкент davlat iqtisodiyot universiteti, universiteti

Kuzatuv kengashiga 2024-yil 1-aprelga qadar universitetning boshqaruv kadrlari lavozimlariga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish chorasini ko‘rish topshirildi.

2024−2025 o‘quv yili boshlanguniga qadar tajribaga ega bo‘lgan loyihalashtirish tashkilotini jalb qilish va universitetning mavjud hududlari va bino-inshootlari negizida zamonaviy kampusni bunyod etish bo‘yicha master rejani ishlab chiqish, shuningdek, unda quyidagilarni nazarda tutish rejalashtirilgan:

  • universitetning Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Olmazor ko‘chasi, 183-uy manzilidagi hududida xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv auditoriyalari, kovorking markazlari, IT laboratoriya, biznes inkubator va anjumanlar zalini o‘z ichiga olgan multifunksional ko‘p qavatli binoni barpo etish;
  • universitet kampusi va ulardagi bino-inshootlarni yuqori tezlikdagi internet bilan yagona tarmoqqa bog‘lash, o‘quv va ilmiy tadqiqot jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
  • talabalar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida ma’nan va jismonan eskirgan binolar o‘rnida yangi talabalar turar joyi, zamonaviy sport zallari, oshxonalar va boshqa bino-inshootlarni qurish.

Universitet shuningdek, Universitetni rivojlantirish jamg‘armasini tuzmoqda, uning mablag‘lari xayriya mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi. Universitetga tushgan to‘lov-kontrakt mablag‘larining saqlash va joriy xarajatlardan ortgan qismi jamg‘armaga yo‘naltiriladi hamda ta’lim jarayonini yaxshilash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq ishlatiladi.

Shuningdek, universitetda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda Transformatsiya markazi tashkil etilmoqda, u universitetni 2030-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish, shuningdek, universitet ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi uchun mas’ul bo‘ladi. Bundan tashqari, xorijiy tajribaga muvofiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini maqbullashtirish hamda universitetning ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim dasturlariga muvofiqlashtirish, 2024−2025-yillarda xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida kamida 200 nafar yetakchi professor-o‘qituvchining stajirovkasini tashkil etish, universitetning ta’lim dasturlarini xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturlari asosida ishlab chiqishga javobgar bo‘ladi.

Universitetni moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan 13 ta obyekt, shu jumladan, Toshkent moliya instituti va Fiskal instituti obyektlari TDIU balansiga bepul o‘tkaziladi.

Shuningdek, prezident tomonidan 2024−2027-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kadrlar tayyorlash tizimini samarali tashkil etish, ilmiy salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Jumladan, mashg‘ulotlar yuzasidan talabalar fikrini o‘rganish (feedback) hamda o‘zaro tashrif (peer review) tizimini rivojlantirish., talabalarni kafedra filiallarida mustaqil ta’limning “5+1” shakli bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish, zamonaviy raqamli bosmaxona yaratish, har semestrda o‘quv va jarayonga xalqaro e’tirof etilgan agentliklar reytingining birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kirgan oliy ta’lim muassasalaridan kamida 15 nafardan professor-o‘qituvchini jalb qilish va boshqalar.